100 nafar o‘zbekistonlik Italiyaga ishga yuboriladi — yangi loyiha start oldi

O‘zbekiston fuqarolarini Italiyada mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish bo‘yicha yangi kelishuvga erishildi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Italiya tomonlari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ikki davlatning agrar sohada hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Muzokaralarda Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Italiya qishloq xo‘jaligi vaziri Franchesko Lollobridjida hamda qator tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Natijada Migratsiya agentligi va Italiyaning “Associazione Imprese Ortofrutticole” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Ushbu kelishuvga muvofiq, o‘zbekistonliklar Italiyada 3 oydan 9 oygacha bo‘lgan mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlarida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.
Pilot loyiha doirasida joriy yilning o‘zida 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Kelgusida bu ko‘rsatkichni oshirish ehtimoli ham bor.
Mazkur assotsiatsiya Italiyadagi meva-sabzavot yo‘nalishida faoliyat yurituvchi 35 dan ortiq yirik kompaniyani birlashtiradi. Ular fermerlik, mahsulotni qayta ishlash, logistika va eksport jarayonlarini qamrab olgan to‘liq agrosanoat tizimiga ega. Asosiy yetishtiriladigan mahsulotlar qatoriga olma, kivi, anor va qulupnay kiradi.
Mazkur tashabbus o‘zbekistonliklar uchun xorijda qonuniy mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirish hamda bandlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.