2025 yil yakuni: qaysi sohalarda eng ko‘p, qaysilarida eng kam maosh to‘lanmoqda?

2025 yil yakuni: qaysi sohalarda eng ko‘p, qaysilarida eng kam maosh to‘lanmoqda?

2025 yilda O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi tezlashdi.

2025 yil davomida O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi tezlashgani qayd etildi. Markaziy bankning Mehnat bozori sharhiga ko‘ra, yil yakunida nominal ish haqi 18,9 foizga, real ish haqi esa 9,3 foizga oshgan. O‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6,4 mln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng yuqori real o‘sish Namangan viloyatida — 13,1 foiz qayd etilgan. Shuningdek, Sirdaryo (11,5 foiz) va Jizzax (11,1 foiz) viloyatlari ham yetakchilar qatoridan joy olgan. Eng past o‘sish esa Andijon viloyatida kuzatilgan.
Tarmoqlar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasida — 17,6 mln so‘m hamda axborot va kommunikatsiya xizmatlarida — 15,3 mln so‘mni tashkil etgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa qishloq xo‘jaligi (3,4 mln so‘m) va ijtimoiy xizmatlar (4,1 mln so‘m) sohalarida qayd etilgan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning ikkinchi yarmidan boshlab ish haqi o‘sishi yana faollashgan. Bu jarayon, asosan, davlat sektorida oyliklarning indeksatsiya qilinishi bilan izohlanadi.
Shuningdek, ayrim tarmoqlarda o‘sish sur’atlari sezilarli farq qilmoqda. Masalan, tashish va saqlash sohasida ish haqi nominal jihatdan 18,9 foizga (real o‘sish 9,3 foiz) oshgan bo‘lsa, ijtimoiy sohalarda bu ko‘rsatkich 17,4 foizni (real o‘sish 7,9 foiz) tashkil etgan. Qurilish sohasida esa o‘sish eng past darajada bo‘lib, real ko‘rsatkich atigi 0,6 foizga teng bo‘lgan.
Mutaxassislar fikricha, tarmoqlar va hududlar o‘rtasidagi farqlar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, past maoshli sohalarda o‘sish tezlashayotgani daromadlar tafovuti asta-sekin kamayib borayotganini ko‘rsatadi.
2025 yil yakuni: qaysi sohalarda eng ko‘p, qaysilarida eng kam maosh to‘lanmoqda? | 12news