2025-yilda O‘zbekistonning IT-xizmatlari eksporti qariyb 1 mlrd dollarga yetdi

2025-yilda O‘zbekistonning IT-xizmatlari eksporti 940 mln dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 2,5 barobarga ko‘p bo‘lib, sohada keskin o‘sish kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
2023-yilda IT-xizmatlari eksporti 344 mln dollarni, 2024-yilda esa 373 mln dollarni tashkil etgan. Rasmiy maqsadlarga ko‘ra, 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 5 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 2025-yil may oyida IT-xizmatlari eksporti yil yakuniga qadar 1 mlrd dollardan oshishini ma’lum qilgandi. E’lon qilingan natijalar ushbu prognozga yaqinlashilganini ko‘rsatmoqda.
Yangi eksportchilar va bozorlar
2025-yilning dastlabki yetti oyi yakunlariga ko‘ra, 481 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi. Ularning 232 tasi xorijiy kompaniyalar hisoblanadi.
Yangi eksportchilarning:
- 298 tasi IT-xizmatlar ko‘rsatish,
- 162 tasi biznes jarayonlari autsorsingi va xizmat ko‘rsatish,
- 21 tasi esa o‘yinlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda.
IT eksportining asosiy qismi Shimoliy Amerika mintaqasiga to‘g‘ri kelib, u 45 foizni tashkil etadi. Shuningdek, Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga 26 foiz, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaga esa 24 foiz eksport amalga oshirilmoqda.
Eksport geografiyasi kengaymoqda
Hozirda IT Park rezidentlari dunyoning 90 dan ortiq mamlakatlariga xizmatlarini eksport qilmoqda. 2025-yilning dastlabki yetti oyida ushbu ro‘yxatga Bahrayn, Daniya, Lixtenshteyn va boshqa davlatlarni o‘z ichiga olgan yana 11 ta mamlakat qo‘shilgan.
Sizga yoqadi


