2025-yilda qancha haydovchiga jarima bali oldi?

O‘zbekistonda 2025-yilning 7 oyi davomida 165 210 nafar haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun jarima ballari oldi.
O‘zbekistonda 2025-yilning 7 oyi davomida 165 210 nafar haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun jarima ballari oldi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda uch nafar haydovchi 7,5–8 ball, ikki nafar haydovchi 6,5–7 ball, yana 12 nafar haydovchi 5,5–6 ball to‘plagan. Qolgan 165 193 nafar haydovchining jarima ballari 0,5 dan 5 ballgacha bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilning so‘nggi ikki oyida 50 mingdan ortiq haydovchiga jarima ballari hisoblangan.
YHXBB matbuot kotibining aytishicha, yuqori ball to‘plagan ayrim haydovchilar ogohlantirilgan. “Sakkiz ball to‘plagan haydovchilarga 12 ball yig‘ilsa, yarim yilga haydovchilik huquqidan mahrum etilishi tushuntirilganda, ayrimlari mashinasini vaqtincha haydamayotganini bildirgan”, — dedi Yo‘ldoshev.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan boshlab maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari hisoblanishi eslatildi. Hozircha ballar faqat YHXX xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar asosida qo‘llanmoqda.
Jarima ballari qoidabuzarlik sodir etilgan vaqtda avtomobilni kim boshqarganiga qarab belgilanadi. Agar transport vositasini egasidan boshqa shaxs boshqargan bo‘lsa, ball aynan o‘sha haydovchiga yoziladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil fevral oyida qabul qilingan qonunga muvofiq, yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun 12 ballik tizim joriy etilgan. Agar haydovchi bir yil davomida qoidabuzarlik sodir etmasa, keyingi davrda birinchi huquqbuzarlik uchun jarima balli hisoblanmaydi. Bir yil ichida 12 balldan oshgan taqdirda, haydovchi 6 oygacha avtomobil boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
Sizga yoqadi


