2026-yilda BYD Jizzaxdagi zavodida Yuan Up ishlab chiqarishni boshlaydi

2026-yilda BYD Jizzaxdagi zavodida Yuan Up ishlab chiqarishni boshlaydi

Ayni paytda Jizzaxdagi korxonada BYD Chazor va BYD Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda.

2026-yildan boshlab Jizzax viloyatidagi BYD Uzbekistan Factory korxonasida Yuan Up elektromobilini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda 13-fevral kuni prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulovning aytishicha, davlat rahbari topshirig‘iga muvofiq ishlab chiqarish quvvatlari qayta tahlil qilingan. Natijada BYD zavodida ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga, ADM Jizzakh korxonasida esa 1,5 baravarga oshirish imkoniyati aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatda 457 ming dona avtomobil va 3 mingta mashina komplekti ishlab chiqarilgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkichni 510 ming donaga yetkazish rejalashtirilgan.
Ro‘ziqulovning ta’kidlashicha, ichki bozorda yangi modellarga talab ortmoqda. Joriy yilning o‘zida beshta yangi model taqdim etilishi kutilmoqda. Xususan, Xorazm viloyatidagi zavodda Damas’ning yangilangan talqinlari ishlab chiqarilishi to‘liq o‘zlashtirilgan. Shuningdek, mahalliylashtirilgan Chevrolet Captiva, Chevrolet Traverse hamda KIA brendining yangi modellari bozorga chiqariladi.
Kompaniya rahbari BYD zavodida ham muhim o‘zgarishlar bo‘layotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyda eng ko‘p sotilayotgan modellardan biri — BYD Yuan Up bo‘yicha O‘zbekiston bozorida yillik salohiyat 25 ming donani tashkil etadi. Xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga ko‘ra, ushbu model Jizzaxdagi zavodda ishlab chiqariladi.
“O‘zavtosanoat” ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda BYD Uzbekistan Factory tomonidan 23 888 dona avtomobil sotilgan. Shundan 6 242 donasi Yuan Up hissasiga to‘g‘ri keladi. 2026-yil yanvar oyida esa mazkur modeldan 712 dona realizatsiya qilingan.
Ayni paytda Jizzaxdagi korxonada BYD Chazor va BYD Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, zavod mamlakatdagi birinchi mahalliylashtirilgan BYD Song Plus Uzpride modelini ham taqdim etgan.
Kompaniya kelgusi bosqichlarda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishni rejalashtirgan. Qiymati 300 mln dollar bo‘lgan ikkinchi bosqichda elektromobillar ishlab chiqarish hajmini yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda esa 500 ming donagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan qo‘shimcha quvvatlarni barpo etish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish hamda kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
2026-yilda BYD Jizzaxdagi zavodida Yuan Up ishlab chiqarishni boshlaydi | 12news