2026 yilda dunyoning eng boy odamlari reytingi e’lon qilindi

2026 yil holatiga ko‘ra, sayyoradagi eng boy 20 nafar insonning umumiy boyligi qariyb 3,8 trillion dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ko‘plab davlatlarning yalpi ichki mahsulotidan (YaIM) ham yuqori.
Forbes ma’lumotlariga asoslangan infografikaga ko‘ra, so‘nggi yillarda milliarderlar boyligi misli ko‘rilmagan sur’atlarda oshib bormoqda. Xususan, 2020 yilda dunyoning eng boy odami bo‘lgan Jeff Bezosning kapitali 145 milliard dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib Ilon Mask bu ko‘rsatkichni qariyb besh barobarga ortda qoldirdi.
Ilon Mask — tarixiy rekord egasi
2026 yilda Ilon Mask 714,2 milliard dollar boylik bilan reytingda birinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa u tarixda 700 milliard dollar chegarasidan oshgan ilk inson sifatida qayd etildi. So‘nggi olti yil ichida uning boyligi deyarli 30 barobarga oshgan.
Mask boyligining asosiy qismi SpaceX kompaniyasidagi ulushiga to‘g‘ri keladi. Hozirda kompaniya 800 milliard dollarga baholanmoqda, Maskning undagi ulushi esa 366 milliard dollarni tashkil etadi. Agar 2026 yilda SpaceX IPO o‘tkazsa, kompaniya qiymati 1,5 trillion dollargacha yetishi mumkin.

Kuchli o‘sish: texnologiya gigantlari yetakchilik qilmoqda
Google hamta’sischisi Larri Peyj 257,7 milliard dollar boylik bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Alphabet aksiyalarining 2025 yilda 63 foizga qimmatlashgani uning kapitali oshishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Shuningdek, Nvidia bosh direktori Jyensen Xuang 162,5 milliard dollar boylik bilan dunyoning sakkizinchi eng boy insoni bo‘ldi. Nvidia aksiyalari so‘nggi yetti yil ichida 4200 foizdan ortiq o‘sib, Xuangni boyligi eng tez oshgan milliarderlar qatoriga olib chiqdi.
Bill Geyts reytingda pastladi
Solishtirish uchun, Bill Geytsning boyligi 2020 yildan beri deyarli o‘zgarmagan. O‘sha yili u dunyodagi ikkinchi eng boy inson bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 18-o‘ringa tushib ketgan. Bunga asosiy sabab sifatida uning o‘nlab milliard dollar mablag‘ni Bill va Melinda Geyts jamg‘armasiga o‘tkazgani hamda xayriya faoliyatiga katta miqdorda mablag‘ yo‘naltirgani ko‘rsatilmoqda.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


