2026-yildan “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi, eng yaxshi loyihalarga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratiladi

Har yili chempionat yakunlari asosida 100 tagacha biznes va startap loyiha saralab olinadi.
2026-yildan boshlab O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida eng yaxshi biznes va startap loyihalarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Bu haqda startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, har yili chempionat yakunlari asosida 100 tagacha biznes va startap loyiha saralab olinadi. Ularning har biriga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hamda “Yoshlar ventures” venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratiladi.
Shuningdek, jamg‘arma mablag‘lari doirasida startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish uchun zarur marketing va moliyaviy xizmatlar xarajatlari qoplab beriladi. Mazkur xarajatlar bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha — 41,2 mln so‘mgacha etib belgilangan.
Bundan tashqari, jamg‘arma kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlariga, shuningdek, “Faol tadbirkor” va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etish yuzasidan vakolatli organlarga taklif kiritadi.
Avvalroq prezident tomonidan startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror qabul qilingani haqida xabar berilgandi.