$6800 lik humanoid robot sotuvga chiqdi — hamma sotib olishi mumkin!

$6800 lik humanoid robot sotuvga chiqdi — hamma sotib olishi mumkin!

Xitoyning Unitree kompaniyasi o‘zining yangi humanoid roboti — R1 ni xalqaro bozorga chiqardi va unga AliExpress orqali oldindan buyurtma (pre-order) berishni yo’lga qo’ydi.

Robotning boshlang‘ich narxi $6800 dan boshlanadi va yetkazib berishlar 2026-yil iyun oyida boshlanishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislar bu qadamni humanoid robotlarni ommaviy bozorga olib chiqish, ya’ni ularni “demokratlashtirish” yo‘lidagi muhim bosqich sifatida baholamoqda. Endi ushbu turdagi robotlarni Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaponiya va boshqa ayrim hududlarda oddiy foydalanuvchilar ham xarid qilishi mumkin.
Turli manbalarga ko‘ra, robotning narxi mamlakatga qarab farq qiladi. Masalan, South China Morning Post R1 narxi ayrim bozorlarda $4370 dan boshlanishini bildirgan. AQShda esa u $6800 atrofida sotilmoqda.
Unitree R1 — balandligi 123 sm, og‘irligi 29 kg bo‘lgan humanoid robot bo‘lib, u multimodal sun’iy intellekt tizimi yordamida nutq va tasvirlarni taniy oladi. Kompaniya avvalroq R1 2026-yilda dunyodagi eng ko‘p sotiladigan humanoid robot bo‘lishini maqsad qilganini ham bildirgan.
Robot yugurish, sakrash va hatto jang san’ati elementlarini bajarishi mumkin, biroq u uy ishlari uchun mo‘ljallanmagan. Shunga qaramay, uning nisbatan “arzon” narxi uni texnologiya ixlosmandlari, tadqiqotchilar va ishlab chiquvchilar orasida juda jozibador qilishi kutilmoqda.
$6800 lik humanoid robot sotuvga chiqdi — hamma sotib olishi mumkin! | 12news