9 mayga katta sovg‘a: urush faxriylariga 30 mln so‘m beriladi

9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda nogironlariga har biriga 30 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti berilishi rejalashtirilmoqda.
Prezidentga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan axborot taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, zamonaviy jangovar harakatlar tahliliga asoslanib, o‘quv va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari joriy etilmoqda. Bu orqali bo‘linmalarning mobilligi, jangovar imkoniyatlari hamda mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, bayram kunlari urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning yashash sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning xotirasi yod etilib, ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Mamlakat bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar hamda sport musobaqalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.