Abduqodir Husanov “Manchester City”da oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi

O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning “Manchester City” klubida mart oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ma’lum qilinishicha, mukofot klub muxlislari o‘rtasida o‘tkazilgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra topshirilgan. Unda Husanov jamoadoshlari — Rodri va Jeremy Dokuni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallagan.
Klub bayonotida ta’kidlanishicha, o‘zbekistonlik futbolchi mart oyi davomida ishonchli va barqaror o‘yini bilan muxlislar e’tiborini qozongan. Bu uning 2026-yildagi ikkinchi shunday mukofoti hisoblanadi — u avvalroq yanvar oyida ham oyning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Manchester City” safiga 2025-yil yanvar oyida qo‘shilgan. Shundan buyon u uch bor — 2025-yil fevral, 2026-yil yanvar va mart oylarida — jamoaning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgan.
Ma’lumot uchun, “Manchester City” tarixida ushbu mukofotni eng ko‘p qo‘lga kiritgan futbolchi — Kevin De Bruyne bo‘lib, u 17 bor oyning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan. Undan keyingi o‘rinlarda Sergio Aguero va David Silva joylashgan.