Apple Pay va Google Pay nihoyat O‘zbekistonga kiradimi?

Qonun bilan ayrim shaxsga doir ma‘lumotlarni O‘zbekistonda saqlash majburiy etib belgilandi, qolganlari esa chet elda qayta ishlanishi mumkin.
O‘zbekistonda raqamli to‘lov tizimlarini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam tashlandi. “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar natijasida Apple Pay va Google Pay kabi xalqaro to‘lov xizmatlarining mamlakatga kirishi uchun huquqiy asoslar kengaytirildi.
Yangilangan tartibga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlar ikki toifaga ajratildi:
1. Majburiy ravishda O‘zbekistonda saqlanadigan ma’lumotlar:
- Biometrik ma’lumotlar (barmoq izi, yuz tasviri va boshqalar)
- Genetik ma’lumotlar
- Telekom operatorlari foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlari
Bu ma’lumotlar davlat hududida saqlanishi shart qilib belgilandi.
2. Xorijda saqlanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar:
Agar quyidagi shartlar bajarilsa:
- Ma’lumotlar uzatilayotgan davlat yetarli darajada himoya qiluvchi davlat sifatida tan olingan bo‘lsa
- Maxsus standart shartnomalar yoki korporativ qoidalar mavjud bo‘lsa
- Xalqaro xavfsizlik standartlariga rioya qilinsa va bu tegishli organ tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa
Shunda ma’lumotlarni chet elda saqlash va qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Oldingi qonunchilik talablariga ko‘ra, deyarli barcha ma’lumotlar O‘zbekistonda saqlanishi kerak edi. Bu esa bulutli texnologiyalarga tayanadigan global xizmatlar, jumladan Apple Pay va Google Pay uchun jiddiy to‘siq bo‘lib kelgan.
Endilikda esa:
- Xalqaro fintech kompaniyalar uchun bozor ochiladi
- Mahalliy foydalanuvchilar uchun qulay to‘lov imkoniyatlari paydo bo‘ladi
- Raqamli iqtisodiyot rivojiga turtki beriladi