Apple Pay va Google Pay’ni ishga tushirishga oid qonun loyihasi Senatga yuborildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 20 yanvar kuni «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni qabul qilib, ularni ko‘rib chiqish uchun Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston hududida majburiy tarzda saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlar turlarini aniq belgilashni nazarda tutadi. Shu bilan birga, ayrim turdagi ma’lumotlarni chet elda qayta ishlash va saqlashga ruxsat beruvchi tartiblar joriy etilmoqda. Bunda xalqaro xavfsizlik standartlariga, shuningdek, vakolatli organlar talablariga rioya etilishi asosiy shart etib belgilangan.
Qonunchilik palatasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu o‘zgartirishlar xalqaro to‘lov tizimlarini mamlakatga jalb qilish, investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli xizmatlar bozorini kengaytirish hamda fuqarolar va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy to‘lov imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish va naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Shu sababli Apple Pay, Google Pay kabi global raqamli to‘lov tizimlarini joriy etish muhim vazifa sifatida ko‘rilmoqda.
Qonun loyihasi Senat tomonidan ma’qullanganidan so‘ng prezident imzosiga kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2025 yil noyabr oyida AQSHga tashrifi chog‘ida raqamli platformalarni tartibga solish va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik xalqaro hamkorlar bilan birgalikda yangilanayotganini ma’lum qilgandi. Avvalroq hukumat Apple Pay, Google Pay, PayPal va boshqa xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston to‘lov tizimlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borishni topshirgan edi.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


