Apple Siri mojarosi bo‘yicha iPhone foydalanuvchilariga kompensatsiya to‘lay boshladi

Apple kompaniyasi Siri ovozli yordamchisi foydalanuvchilarning shaxsiy suhbatlarini ruxsatsiz yozib olgani haqidagi jamoaviy da’vo bo‘yicha millionlab iPhone egalari uchun kompensatsiya to‘lashni boshladi.
Mazkur mojaro 2019 yilda yuzaga kelgan bo‘lib, da’vogarlar Siri ayrim holatlarda tasodifan faollashib, shaxsiy suhbatlarni yozib olgani va bu ma’lumotlar reklama beruvchilarga uzatilganini ta’kidlagan. Apple bu ayblovlarni tan olmagan bo‘lsa-da, nizoni sudgacha yetkazmaslik uchun kelishuvga rozi bo‘lgan.
Kompensatsiya olish uchun 2014-yil 17-sentabrdan 2024-yil 31-dekabrgacha Siri funksiyasiga ega Apple qurilmasini sotib olgan va uning tasodifiy faollashuvi holatiga duch kelgan foydalanuvchilar ariza topshirgan. Har bir foydalanuvchi beshtagacha qurilmani ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan.
Dastlab Apple ushbu kelishuv uchun 95 million dollar ajratib, har bir qurilma uchun 20 dollardan, bir foydalanuvchiga maksimal 100 dollar to‘lashni rejalashtirgan. Biroq yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir qurilma uchun to‘lov 8,02 dollarni, maksimal kompensatsiya esa 40,10 dollarni tashkil etgan.
So‘nggi kunlarda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkazmalari amalga oshirilmoqda. Kompensatsiyani sovg‘a kartasi shaklida tanlaganlarga esa bu haqda elektron pochta orqali xabarnoma yuborilishi kutilmoqda.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


