Aprelda O‘zbekistonda qanday ob-havo kutilyapti?

Aprelda O‘zbekistonda qanday ob-havo kutilyapti?

2026-yil aprel oyida O‘zbekistonda umumiy ob-havo sharoiti iliq va nisbatan nam bo‘lishi kutilmoqda.

Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, oy davomida anomal sovuqlar kuzatilmaydi, harorat esa ko‘p yillik me’yordan o‘rtacha 1–1,5 darajaga yuqori bo‘ladi.
Oy boshida, ayniqsa birinchi o‘n kunlikda, respublika hududlarida vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi, ayrim joylarda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Biroq yog‘ingarchiliklar asosan mahalliy xarakterga ega bo‘lib, barcha hududlarda bir xil taqsimlanmaydi.
Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda esa ob-havo nisbatan quruqroq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, har o‘n kunlikda 1–3 kun atrofida yomg‘irli kunlar kuzatilishi ehtimoli saqlanib qoladi.
Harorat kechalari odatda 7–17 daraja iliq atrofida, kunduz kunlari esa 15–32 daraja oralig‘ida o‘zgarib turadi. Ayrim kunlari harorat +30 darajadan yuqoriga ko‘tarilishi ham mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy yil bahorida global iqlim omillari, jumladan okeanlardagi harorat holati neytral bo‘lib, bu hududga keskin sovuq havo oqimlarining kirib kelish ehtimolini kamaytiradi. Shu sababli, aprelda keskin sovuq tushishi bilan bog‘liq xavf past darajada baholanmoqda.
Yog‘ingarchilik taqsimoti hududlarga qarab farqlanadi. Ba’zi viloyatlarda me’yordan ko‘proq yomg‘ir yog‘ishi mumkin bo‘lsa, vodiy hududlarida yog‘in miqdori biroz kamroq bo‘lishi kutilmoqda.
Umuman olganda, 2026-yil aprel oyi O‘zbekistonda iliq, bahoriy va vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchiliklar bilan kechadigan ob-havo bilan tavsiflanadi. Shunga qaramay, mutaxassislar uzoq muddatli prognozlar har doim ham to‘liq aniq bo‘lmasligini eslatib o‘tmoqda.
Aprelda O‘zbekistonda qanday ob-havo kutilyapti? | 12news