AQShni ixtiyoriy tark etgan noqonuniy migrantlarga $3 000 dan pul beriladi

AQSh ma’muriyati noqonuniy ravishda yashayotgan migrantlarni o‘z ixtiyori bilan mamlakatni tark etishga rag‘batlantirish maqsadida mukofotni $3 000 gacha oshirdi.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem ma’lum qilishicha, yil oxirigacha CBP Home ilovasi orqali ixtiyoriy deportatsiya uchun ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy fuqarolar o‘z vataniga bepul aviachipta bilan birga $3 000 miqdorida nafaqa olish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, ilovadan foydalanish fuqarolik jarimalari yoki sanksiyalaridan ozod etilish huquqini ham beradi.
Noemning qayd etishicha, 2025-yil yanvaridan boshlab 1,9 million migrant ixtiyoriy ravishda mamlakatni tark etdi va o‘n minglab kishi CBP Home ilovasidan foydalangan. Rojdestvo bayramlari davrida amerikalik soliq to‘lovchilar ushbu rag‘batni uch baravarga oshirib, $3 000 bonus taklif qilmoqda, lekin bu imkoniyat faqat yil oxirigacha amal qiladi.
CBP Home ilovasi foydalanuvchiga “ketish niyati” haqida xabar berish va o‘z-o‘zini deportatsiya qilish imkonini beradi. Ilova orqali ro‘yxatdan o‘tgan migrantlar, agar o‘zlari chiqib ketmasa, keyinchalik ushlanib, qamoqqa olinishiva qayta kirish huquqini yo‘qotishi mumkin.
AQSh ma’muriyati yangi mexanizmlar orqali noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirmoqda, jumladan jinoyatda ayblanmagan migrantlarni ixtiyoriy deportatsiya qilish tizimini soddalashtirmoqda.