Artemida II: insoniyat Oy ortidan ilk bor bunday manzarani ko‘rdi

NASA «Artemida II» missiyasi astronavtlari Oy atrofidagi parvoz davomida olingan ilk suratlarni e’lon qildi.
Ushbu tarixiy tasvirlar Oy orqa tomoni bo‘ylab amalga oshirilgan yetti soatlik parvoz paytida olingan.

Artemis II doirasida «Orion» kosmik kemasi Oy yuzasidan taxminan 6400 kilometr balandlikda uchib o‘tdi. Astronavtlar Yerga nisbatan 406 771 km masofagacha uzoqlashib, inson ishtirokidagi parvozlar tarixida yangi rekord o‘rnatdi.

Oy orqa tomonida parvoz qilinayotgan paytda ekipaj Oy yuzasini suratga oldi va noyob hodisalarga guvoh bo‘ldi. Jumladan, “Yer botishi” — Orion Oy ortiga o‘tganda Yerning ufq ortiga yashirinishi, hamda “Yer chiqishi” — kemaning qarama-qarshi tomondan chiqib kelishi payti kuzatildi.

Bundan tashqari, astronavtlar Oy, Quyosh va kosmik kema bir chiziqqa tushgan paytda deyarli bir soat davom etgan to‘liq quyosh tutilishini ham kuzatdi.

Suratlarda Yerning tungi tomoni, Avstraliya va Okeaniya ustidagi bulutlar, Quyosh ortidan chiqayotgan Oy hamda hatto Venus sayyorasi ham aks etgan.
Shuningdek, Oy janubiy qutbidagi ulkan zarba krateri — Eytken havzasining sharqiy qismi ham tasvirga tushirilgan.