Bellissimo Pizza franshiza asosida beshta davlat bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda

Bellissimo Pizza tez ovqatlanish tarmog‘i franshiza modeli orqali faoliyatini xorijiy bozorlarga kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Bellissimo Pizza tez ovqatlanish tarmog‘i asoschisi Farruh Abdullayev 21-yanvar kuni elchilar va tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda franshiza modeli orqali faoliyatini xorijiy bozorlarga kengaytirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya yaqin yillarda Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya bozorlariga kirishni maqsad qilgan. Hozirda Bellissimo Pizza Qozog‘istonda franshiza asosida to‘qqizta savdo nuqtasini ishga tushirgan.
Farruh Abdullayev ushbu mamlakatlardagi O‘zbekiston elchilari bilan hamkorlikda franshiza savdosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etish taklifini bildirgan. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev esa elchilarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar bergan.
Ma’lumot uchun, Bellissimo Pizza 2025-yil sentyabr oyida Qozog‘istonning Astana shahrida ilk filialini ochgan. Noyabr oyida esa Papa John’s brendiga tegishli oltita savdo nuqtasini ijaraga olib, ularning uskunalarini sotib olgan.
Kompaniya 2028-yil oxirigacha Qozog‘istondagi savdo nuqtalari sonini 200 taga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


