Bir kunda 275 ming yo‘lovchi: Baytqo‘rg‘on–Parkent loyihasi yakunlandi

Toshkent viloyatida Baytqo‘rg‘on–Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining qurilishi yakunlandi. Uzunligi 23,8 kilometr bo‘lgan ushbu bir izlik temir yo‘l loyihasi 2025-yil boshida boshlangan edi.
Loyiha doirasida 4 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, tunnel, 7 ta temir yo‘l kesishmasi qurildi hamda 78 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi. Qurilish ishlari “Boshtransloyiha” tomonidan amalga oshirildi.
Yangi temir yo‘l orqali kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashilishi rejalashtirilgan. Bu esa Parkent tumanidan Toshkent shahriga qatnovni sezilarli darajada yengillashtiradi.
Mutasaddilar ushbu loyiha ishga tushirilgach, Parkent tumani yirik sayyohlik maskanlaridan biriga aylanishini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil iyun oyida hududga tashrifi davomida mazkur loyiha bilan tanishgan edi.
Shuningdek, mamlakatda boshqa temir yo‘l loyihalari, jumladan Qumqo‘rg‘on–Quduqli va Samarqand–Urgut yo‘nalishlarini elektrlashtirish ishlari ham davom etmoqda.