Birinchi chorakda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi

Birinchi chorakda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori sur’atlarda o‘sishni qayd etdi — yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga oshdi. Bu haqda 24-aprel kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, hisobot davrida sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga, xizmatlar sohasi 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 5,1 foizga o‘sdi. Natijada umumiy iqtisodiy o‘sish sur’ati sezilarli darajadatezlashdi.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida mamlakat YAIMi 6,8 foizga o‘sgan edi. Shunday qilib, joriy yil boshidagi natija o‘tgan yilga nisbatan 1,9 foiz bandga yuqori bo‘ldi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, 2018-yildan buyon birinchi chorak yakunlari bo‘yicha bunday yuqori o‘sish sur’ati kuzatilmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari kesimida qaralganda, O‘zbekiston yuqori natijalardan birini qayd etdi. Hisobot davrida Qirg‘iziston iqtisodiyoti 10,1 foiz o‘sish bilan yetakchilik qilgan bo‘lsa, Tojikistonda bu ko‘rsatkich 8 foizni, Qozog‘istonda esa 3 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, mintaqadagi boshqa davlatlardan farqli ravishda, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish tezlashgani kuzatildi. Jumladan, Qirg‘izistonda o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 3 foiz bandga pasaygan, Qozog‘iston va Tojikistonda esa mos ravishda 2,8 va 0,2 foiz bandga sekinlashgan.
Birinchi chorakda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,7 foizga o‘sdi | 12news