Buxoroda Leapmotor avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Buxoroda Leapmotor avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Buxoro viloyatida Xitoyning Leapmotor kompaniyasi bilan hamkorlikda elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.

Viloyat hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarishni 2026-yil oxirigacha yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Loyihaning birinchi bosqichida 50 million dollar investitsiya kiritilib, yiliga 20 ming dona avtomobil ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Keyingi yillarda ishlab chiqarish hajmi bosqichma-bosqich oshirilib, 2031-yilga borib 200 ming donaga yetkaziladi. Umumiy investitsiyalar hajmi esa 350 million dollarga yetishi rejalashtirilgan.
Rejaga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi va daromadlar quyidagicha bo‘ladi:
— 2026-yil — 20 ming dona;
— 2027-yil — 40 ming dona;
— 2028-yil — 60 ming dona;
— 2029-yil — 100 ming dona;
— 2030-yil — 150 ming dona;
— 2031-yil — 200 ming dona.
Loyiha doirasida Leapmotor’ning B10, B10L, A10, C01 va C16 rusumidagi elektr va gibrid avtomobillari ishlab chiqariladi.
Shuningdek, loyiha yangi ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi. Xususan, 2026-yilda 200 ta, 2028-yilda 1000 ta, 2031-yilga borib esa 3000 ta yangi ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirish ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Jumladan, bamper, o‘rindiq, oynalar, eshik qoplamalari, shinalar, akkumulyatorlar va boshqa ko‘plab qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyiha Buxoroda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosish hamda hududni Markaziy Osiyoda avtomobilsozlik va logistika markaziga aylantirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mahsulotlarni qo‘shni davlatlar bozoriga eksport qilish imkoniyatlari ham kengayadi.
Bundan tashqari, mahalliy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda muhandis va texnik kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan.
Avvalroq, davlat rahbari tomonidan Kogon tumanida yiliga 80 ming dona elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarish loyihasi ham ilgari surilgandi.
Buxoroda Leapmotor avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi | 12news