Buxoroda $350 mlnlik avtomobil zavodi ochiladi — yiliga 80 mingta mashina ishlab chiqariladi

Buxoro viloyatida yirik sanoat loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 2-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev hududning iqtisodiy salohiyati va kelgusi rejalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Eng e’tiborga molik loyihalardan biri — Kogon tumanida qiymati 350 mln dollar bo‘lgan elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish zavodi qurilishidir. Ushbu korxona ishga tushgach, yiliga 80 mingta avtomobil ishlab chiqariladi va 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shuningdek, neft-kimyo sohasida ham yirik loyihalar rejalashtirilgan. Jumladan, Qorovulbozor tumanida 85 mln dollarlik loyiha asosida AI-91 va AI-92 benzin ishlab chiqarish kengaytiriladi. Buxoro tumanida esa 220 mln dollarlik loyiha doirasida pirolizni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilib, benzol, toluol, ksilol kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Hududda energetika yo‘nalishida ham katta ishlar olib borilmoqda — umumiy qiymati 5,2 mlrd dollar bo‘lgan 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Buxoro viloyati iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sib, 86,6 trillion so‘mga yetgan. 2026-yilda esa bu ko‘rsatkichni 102,1 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Yangi investitsiya loyihalari hisobiga joriy yilda 18 mingta ish o‘rni yaratish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini keskin kamaytirish maqsad qilingan.