Buxorodan Silikon vodiysigacha: 20 yoshli o‘zbekistonlik asoschi $500 ming investitsiya jalb qildi
AQShning San-Fransisko shahrida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yosh asoschi Bahodir Rajabov o‘z startapi orqali $500 ming investitsiya jalb qilgani hamda Silikon vodiysigacha bo‘lgan yo‘li haqida so‘zlab berdi. Ushbu material 12news.uz va Startup Base jamoalari bilan hamkorlikda tayyorlanib, sizga taqdim etilmoqda.

Atigi 20 yoshida o‘zbekistonlik asoschi Bahodir ko‘plab tadbirkorlar yillar davomida intiladigan natijaga erishdi: u San-Fransiskoda investitsiya jalb qildi va jahon texnologiya ekotizimining markazida o‘z startapini rivojlantirmoqda.
Ammo uning Silikon vodiysiga olib borgan yo‘li Kaliforniyadan emas, O‘zbekistonning tarixiy shahri — Buxorodan boshlangan. Texnologiyaga bo‘lgan kuchli qiziqish uni izlanish, doimiy o‘rganish va global innovatsiya sari intilish yo‘liga olib chiqdi.Dasturlashdagi ilk qadam
Dasturlashdagi ilk qadam
Bahodirning dasturlashga bo‘lgan qiziqishi juda erta boshlangan. Uning dastur yozish bo‘yicha ilk tajribasi o‘smirlik davrida, Pascal’da tajribalar qilgan paytlariga to‘g‘ri keladi.
“Yaratgan ilk narsam juda oddiy dastur edi,” deya eslaydi u. “A va B ni kiritasiz, u esa C ni chiqaradi. Lekin men uchun bu sehrdek tuyulgandi.”

Ana shu kichik tajriba unda texnologiya va dastur yaratishga nisbatan kuchli qiziqish uyg‘otdi. Biroq o‘sha paytda bu ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun imkoniyatlar cheklangan edi. Barchasi Bahodir 14 yoshida texnologiyalar sohasiga yaqinroq bo‘lish, turli loyihalarda tajriba qilish va innovatsiyaga qiziqqan hamjamiyatlar bilan bog‘lanish uchun Toshkentga ko‘chib kelganidan keyin o‘zgardi.
“O‘sha paytdan boshlab hammasi jiddiy tus oldi,” deydi u. “Men robototexnika, veb-texnologiyalar va dasturlashni ancha chuqurroq o‘rganishni boshladim.”
Silikon vodiysini onlayn kashf etish
Bahodir hayotidagi eng muhim burilish nuqtalaridan biri uning “X” ijtimoiy platformasiga qo‘shilgani bo‘ldi. Aynan shu platforma orqali u global startap ekotizimini kashf eta boshladi. Silikon vodiysidagi asoschilar, muhandislar va investorlar bu yerda o‘z g‘oyalari, tajribalari va tavsiyalarini ochiq ulashardi.

“San-Fransisko aslida X’da,” deydi u. “Startap qurayotganlarning barchasi shu yerda.”
Bahodir uchun bu platforma startap dunyosiga olib kiruvchi raqamli darvozaga aylandi. Minglab kilometr uzoqda yashasa ham, u Silikon vodiysi ichida kechayotgan suhbatlar va muhokamalarni kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.
Uning aytishicha, platformaning eng kuchli tomoni — insonlarni geografiyaga emas, qiziqishlariga qarab bog‘lay olishidir.
“Qaysidir kichik shaharda yashashingiz muhim emas,” deydi u. “Agar startaplarga qiziqsangiz, siz ham Silikon vodiysidagi odamlar ko‘rayotgan muhokamalarni ko‘rasiz.”
O‘qish, postlar yozish va onlayn muloqotlar orqali Bahodir asoschilar qanday fikrlashi va startaplar qanday qurilishini asta-sekin tushuna boshladi.
Sinovlar, xatolar va yangi urinishlar
Ko‘plab ilk bosqichdagi asoschilar singari, Bahodirning yo‘li ham bitta katta g‘oya yoki keskin burilish bilan belgilanmagan. Aksincha, bu yo‘l doimiy tajriba, sinov va izlanishlardan iborat bo‘lgan. U kichik loyihalar yaratdi, turli g‘oyalarni sinab ko‘rdi va muvaffaqiyatsizliklardan saboq oldi.
“Ba’zi narsalar ishladi, ko‘plari esa yo‘q,” deydi u. “Lekin har bir urinish sizga nimanidir o‘rgatadi.”
Uning dastlabki loyihalaridan biri taxminan 16 yoshida yaratgan Telegram-bot bo‘lgan. Bu yirik tijoriy mahsulot bo‘lmagan bo‘lsa-da, uning dastur yaratish va tayyor mahsulotni ishga tushirish qobiliyatini namoyon qilgan. Keyinchalik startap dasturlariga topshirayotganda, aynan shu ilk loyiha ham yaxshi taassurot qoldirgan.
“Bu ularda yaxshi taassurot qoldirdi,” deydi u. “Bu mening nimadir yaratayotganimni ko‘rsatgan.”
Bahodirning fikricha, bu yerda xulosa juda oddiy: asoschilar kichik loyihalarni kamsitmasligi kerak.
“Gap darrov milliard dollarlik kompaniya qurishda emas,” deydi u. “Asosiysi — nimadir yarata olishingizni ko‘rsatish.”
Agar Bahodirning yo‘li haqida ko‘proq bilmoqchi bo‘lsangiz, u o‘z loyihalari, kuzatuvlari va turmush tarzi haqida ulashib boradigan Telegram-kanalini kuzatishingiz mumkin: https://t.me/benrov.
Qit’alar osha davom etgan yo‘l
Maqsadlari tobora kattalashib borgani sari, Bahodir ham yangi loyihalar ustida ishlashda va xorijdagi imkoniyatlarni izlashda davom etdi. Vaqt o‘tib, u Polshaga ko‘chib o‘tdi. U yerda tahsil oldi va keyinchalik IBM kompaniyasida ishladi. Ammo uning uzoq muddatli maqsadi o‘zgarmadi — u baribir Silikon vodiysiga yetib borishni istardi.
Ishdan ketish esa uning uchun qiyin qaror bo‘lmagan.
“Masala ishdan ketishim kerakmi-yo‘qmi degan savolda emas edi,” deydi u. “Men baribir bir kun kelib ketishimni doim bilardim. Faqat bu qachon bo‘lishi masalasi bor edi.”
Nihoyat, imkoniyat paydo bo‘lgach, u menejeriga bu haqda ma’lum qildi va startap ustida to‘liq ishlash uchun San-Fransiskoga ko‘chib o‘tdi.
Silikon vodiysida kompaniya qurish
Bugun Bahodir internetda yaratilayotgan dasturiy mahsulotlar orqali odamlarning daromad topishiga yordam berishga qaratilgan startap ustida ishlamoqda. Uning aytishicha, sun’iy intellekt startaplar olamini tubdan o‘zgartirib yubordi. Endilikda ilova yaratish avvalgidan ancha osonlashgan.
“Ilova yaratish endi eng qiyin qism emas,” deydi u. “Asosiy muammo — uni monetizatsiya qilishda.”
Ko‘plab dasturchilar mahsulot yarata oladi, biroq uni barqaror biznesga aylantirishda qiynaladi. Bahodirning startapi aynan shu muammoni hal qilishni maqsad qilgan — ya’ni dasturchilarga o‘z dasturiy mahsulotlarini monetizatsiya qilishga yordam beradigan vositalarni yaratmoqda.
Hozir kompaniya sinab ko‘rayotgan yo‘nalishlardan biri — Telegram kabi messenjer platformalari atrofidagi infratuzilma. Xususan, daromad keltirishi mumkin bo‘lgan botlar va mini-ilovalarni yaratish uchun vositalar ustida ishlanmoqda.
“Biz hozir juda ko‘p g‘oyalarni sinab ko‘ryapmiz,” deydi u. “Ularning ayrimlari ishlaydi, ayrimlari esa yo‘q. Bu — tabiiy hol.”
$500 000lik pre-seed investitsiya
Startap hali juda erta bosqichda bo‘lishiga qaramay, yaqinda Bahodir jamoasi $500 000 miqdorida Pre-seed investitsiyani jalb qildi. Ko‘plab asoschilar venchur fondlariga oylar davomida pitch qilishiga to‘g‘ri keladigan bir paytda, uning investitsiya jalb qilish tajribasi kutilganidan ancha sodda kechgan.

“Hammasi atigi bitta qo‘ng‘iroq bilan bo‘ldi,” deydi u.
Investor, ya’ni Whop kompaniyasining CEO’si, nafaqat mahsulot g‘oyasini, balki uning ortidagi asoschini ham yuqori baholagan.
“U menga ham, g‘oyaga ham ishondi,” deya tushuntiradi Bahodir.
Raund nisbatan kichik bo‘lgani sababli, investitsiya asosan startapning hozirgi natijalariga emas, balki asoschining salohiyatiga tayangan.
Nega distribution texnologiyadan muhimroq
Bahodirning fikricha, bugungi startaplar o‘n yil avval qurilgan kompaniyalardan boshqacha strategiyaga tayanishi kerak. Uning nazarida, endi texnologiyaning o‘zi barqaror ustunlik bera olmaydi.
“Bugun AI bilan deyarli har kim mahsulotni juda tez yaratishi mumkin,” deydi u.
Shu sababli u haqiqiy raqobat ustunligi texnologiyada emas, balki distribution va execution’da deb hisoblaydi.
“Bajarish tezligi va distribution — hamma narsani hal qiladi.”
Aynan shu sababdan u muhandislar jamoasini juda kichik saqlashni rejalashtirmoqda — ehtimol, atigi bir yoki ikki nafar juda kuchli muhandis bilan ishlaydi. Buning o‘rniga esa asosiy e’tiborni o‘sish, marketing va distribution yo‘nalishlariga qaratmoqchi.
“Men distribution-first kompaniya qurmoqchiman,” deydi u.
Keyingi marrа: product-market fit
Hozircha Bahodir uchun eng asosiy vazifa — product-market fit’ni topish.

Daromad, albatta, muhim. Biroq to‘g‘ri nishani va ideal mijoz profilini aniqlash bundan ham muhimroq hisoblanadi.
“Hozirgi asosiy maqsadimiz — biz haqiqatan ham egallay oladigan bozorni topish,” deydi u.
Startap o‘ziga mos auditoriyani aniqlagach, keyingi o‘sish jarayoni ancha osonlashadi.
Asoschi product-market fitga erishilgach, kompaniya kelajakda yillik takrorlanuvchi daromadni millionlab dollarlarga yetkazishi va undan keyin kattaroq investitsiya raundiga chiqishi mumkinligiga umid qilmoqda.
Silikon vodiysida Markaziy Osiyo asoschilari safi ortmoqda
Bugun Silikon vodiysida o‘zbekistonlik asoschilar soni ortib bormoqda, shu bilan birga Markaziy Osiyodan chiqqan tadbirkorlarning bir-biriga yaqin va faol hamjamiyati ham shakllanib bormoqda.

Bahodir mintaqadagi bir qancha asoschilar bilan muntazam aloqada bo‘lib turadi va bu ekotizimda yo‘l topishda hamkorlik hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutishini ta’kidlaydi. U doimiy muloqot qiladigan o‘zbekistonlik tadbirkorlar orasida texnologik hamjamiyatning faol vakillari bo‘lgan Sardor Rakhmatulloev va Akmal Paiziev ham bor.
San-Fransiskodagi kengroq Markaziy Osiyo tarmog‘i ham tobora kengaymoqda. Ko‘plab asoschilar Bay Area’da kompaniyalar qurmoqda va Y Combinator kabi yetakchi startap dasturlarida ishtirok etmoqda. Bu esa mintaqaning global texnologiyalar maydonidagi ko‘rinishini yanada kuchaytirmoqda.
Baxodir uchun bu mintaqaviy tarmoqning shakllanayotgani juda umidli tendensiya hisoblanadi.
“Men O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyodan yanada ko‘proq insonlar bu yerga kelib, global kompaniyalar qurishini istayman,” deydi u.
Tavsiyalar
Global startap qurishni orzu qilayotgan O‘zbekistondagi yoshlar uchun Bahodirning bir necha muhim tavsiyalari bor.
Birinchidan, ingliz tilini o‘rganish kerak.
“Ingliz tili global startap dunyosiga eshik ochadi,” deydi u.
Ikkinchidan, startap hamjamiyatlariga onlayn tarzda chuqur kirib borish muhim — ayniqsa X kabi platformalar orqali.
Uchinchidan, imkon qadar erta loyihalar yaratish va ularni omma bilan bo‘lishish kerak.
“Qiziqarli narsalar yarating va ular haqida post qiling,” deydi u. “Imkoniyatlar shu tariqa ko‘payib boradi.”
Shuningdek, u yosh asoschilarga xakatonlar, fellowship dasturlari va startap dasturlariga topshirishni tavsiya qiladi.
Eng muhimi esa, uning fikricha, yoshlar avvalo o‘z muhitida ajralib turadigan darajaga chiqishga intilishi kerak.
“Sizga darrov Silikon vodiysi bilan raqobatlashish shart emas,” deydi u. “Avval o‘z mamlakatingizda noodatiy va kuchli insonga aylaning.”
Bu yo‘l ortidagi kuch
Bahodirning butun yo‘li davomida eng ko‘p ko‘zga tashlanadigan jihatlardan biri — bu o‘ziga bo‘lgan ishonchdir.
U tadbirkorlikni qat’iyat, doimiy tajriba va o‘zi aytganidek, “urinib ko‘rishga yetadigan darajada ishonch” uyg‘unligi sifatida tasvirlaydi.
“Agar nimanidir qila olishimga ishonmasangiz, hatto topshirib ham ko‘rmaysiz,” deydi u.
Uning fikricha, muvaffaqiyat — bu bitta katta burilish yoki yagona yutuq emas, balki qayta-qayta harakat qilish jarayonidir.
“Bitta imkoniyat olish uchun o‘n marta topshiring. Bittasi ishlashi uchun o‘nta mahsulot yarating.”
Vaqt o‘tishi bilan qat’iyat asta-sekin omad bilan uchrasha boshlaydi.
Tashqaridan qaraganda, uning hikoyasi O‘zbekistondan Silikon vodiysigacha bo‘lgan juda tez yuksalishdek ko‘rinishi mumkin. Ammo ko‘zga ko‘rinadigan bu muvaffaqiyat ortida boshqa haqiqat ham bor — ko‘plab muvaffaqiyatsiz urinishlar va tinimsiz izlanishlar.
“Ishlamagan narsalar juda ko‘p bo‘lgan. Odamlar odatda faqat muvaffaqiyatni ko‘radi,” deydi u.
Uning startap asoschisi bo‘lishni istaganlarga tavsiyasi oddiy: ko‘p urinib ko‘ring, ko‘p xato qiling va yaratishda davom eting.
“Oxir-oqibat,” deydi u, “nimadir albatta ishlaydi.”