Chevrolet Cobalt uchun onlayn shartnoma 28-apreldan boshlanadi

UzAuto Motors 28-apreldan boshlab Chevrolet Cobalt avtomobili uchun kontraktatsiyani yana ochadi. Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yuqori talab va mijozlar murojaatlari inobatga olinib, bu safar barcha komplektatsiyalar uchun shartnoma tuzish imkoniyati yaratiladi.
Onlayn kontraktatsiya 28-aprel kuni soat 10:00 danstart oladi. Mijozlar shartnomani uzavtosavdo.uz platformasi orqali yoki Chevrolet’ning rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtirishi mumkin. Shuningdek, maxsus Telegram-bot hamda UzAvtoSavdo mobil ilovasi orqali navbatni kuzatish va mavjud avtomobillar haqida ma’lumot olish imkoniyati ham mavjud.
Kompaniya eslatishicha, tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kun ichida amalga oshirilishi shart. Har bir shartnomada maxsus QR-kod bo‘lishi majburiy bo‘lib, u hujjatning haqiqiyligini tasdiqlaydi. QR-kodsiz shartnomalar kompaniya va rasmiy dilerlar bilan bog‘liq emasligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida ham Cobalt uchun kontraktatsiya ochilgan va atigi 2,5 soat ichida qariyb 100 mingta shartnoma tuzilgan edi. Keyinchalik to‘lov qilinmagan avtomobillar rasmiy dilerlik tarmoqlari orqali qayta sotuvga chiqarilgani ma’lum qilingan.
Avvalroq UzAuto Motors xalqaro moliya bozoriga chiqib, 350 million dollarlik besh yillik yevrobondlarni muvaffaqiyatli joylashtirgani ham xabar qilingandi.