Dubaydagi Burj Al Arab mehmonxonasi restavratsiya uchun yopilmoqda

Dubaydagi Burj Al Arab mehmonxonasi restavratsiya uchun yopilmoqda

Dubayning ramziy inshootlaridan biri bo‘lgan Burj Al Arab mehmonxonasi keng ko‘lamli restavratsiya ishlari sabab vaqtincha yopiladi. Bu qaror mehmonxona ochilganidan beri — ya’ni 1999-yildan buyon amalga oshirilayotgan ilk yirik yangilanish bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, loyiha tashabbusi Muhammad bin Rashid Al Maktoum tomonidan ilgari surilgan. Restavratsiya ishlari taxminan 18 oy davom etadi.
Loyihaga mashhur fransuz dizayneri Tristan Auer rahbarlik qiladi. U avval Parijdagi nufuzli Hôtel de Crillon mehmonxonasini yangilash loyihasi bilan tanilgan. Dizayner yangi konsepsiyada tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy uslubni uyg‘unlashtirishni rejalashtirmoqda.
Mehmonxona Jumeirah Group tomonidan boshqariladi va Dubai Holding tarkibiga kiradi. Uning ichki qismi marmar, oltin va billur elementlar bilan bezatilgan bo‘lib, jami 198 ta lyuks xonani o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, mehmonxonaning diqqatga sazovor jihatlaridan biri — 210 ta billur naychadan tashkil topgan va qariyb 450 kilogramm og‘irlikka ega noyob spiral qandildir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mehmonxonaning vaqtinchalik yopilishi mintaqadagi turizm oqimining pasayishi fonida ro‘y bermoqda. Biroq rasmiylar asosiy e’tibor ushbu hashamat ramzining obro‘sini saqlab qolish va uni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganini bildirgan.
Ochilganidan buyon Burj Al Arab nafaqat mehmonxona, balki global hashamat timsoliga aylangan va hanuzgacha Dubai shahrining eng ko‘p suratga olinadigan maskanlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Dubaydagi Burj Al Arab mehmonxonasi restavratsiya uchun yopilmoqda | 12news