Dunyoning eng yirik onlayn shaxmat musobaqalaridan biri — Chess.com Open 2026 turnirida o‘zbekistonlik grossmeysterlar ishtirok etdi

Musobaqa Esports World Cup 2026 uchun saralash vazifasini bajarib, kuchli shaxmatchilarni bir maydonga jamladi.
Javohir Sindorov turnirdagi yurishini erta yakunladi. U dastlab rossiyalik Danil Dubovga imkoniyatni boy berdi. Mag‘lublar yo‘lagida esa fransiyalik Maxime Vachier-Lagravega qarshi bahs olib bordi. Ikki partiyadan so‘ng hisob 1:1 bo‘ldi, biroq armagedon bahsida Sindorov mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Nodirbek Abdusattorov esa kurashni davom ettirmoqda. U ilk bosqichda amerikalik Sam Sevianni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Keyingi bosqichda belaruslik Denis Lazavikga qarshi bahsda 3:2 hisobida yutqazgan Abdusattorov endi mag‘lublar yo‘lagida rossiyalik Ian Nepomniachtchiga qarshi dona suradi.
Turnir rapid — “10+0” formatida o‘tkazilmoqda. Reglamentga ko‘ra, ikki marta mag‘lub bo‘lgan ishtirokchi chempionlik uchun kurashni tark etadi.
Ma’lumot uchun, Esports World Cup 2025da Nodirbek Abdusattorov NAVI safida 5-o‘rinni egallab, $85 ming mukofot qo‘lga kiritgan. Javohir Sindorov esa Team Vitality tarkibida ishtirok etib, $50 ming bilan taqdirlangan.