Endi Click, Paynet va boshqa ilovalarga begonalarning kartalarini biriktirib bo‘lmaydimi?

Endilikda Click, Paynet va boshqa to‘lov ilovalarida begona shaxslarga tegishli bank kartalarini biriktirishga ruxsat berilmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat ushbu shaxsning o‘ziga yoki uning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvaraqlari, bank kartalari va elektron hamyonlar biriktirilishi mumkin. Shuningdek, P2P o‘tkazmalar faqat shu talablar asosida amalga oshiriladi.
Foydalanuvchining telefon raqami va JShShIRi o‘rtasidagi moslik majburiy tartibda tekshiriladi. Moslik aniqlanmagan taqdirda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish hamda bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan o‘tkazishda hayotiylik (liveness) faktorlarini aniqlashi shart bo‘ladi. Bu esa rasm orqali identifikatsiya qilish imkoniyatini istisno etadi.
Telefonga yuborilgan bir martalik SMS-kod ketma-ket uch marta noto‘g‘ri kiritilgan taqdirda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi.
Bundan tashqari, akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki parolni qayta tiklash holatlarida ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda o‘chirib yuboriladi. Shu bilan birga, mazkur qurilmada bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi ham o‘chiriladi.
Bank kartalarini ilovaga qayta biriktirish faqat biometrik identifikatsiyadan o‘tilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


