Endi davlat ishiga kirishda suhbat savollari oldindan e’lon qilinadi

Endi davlat ishiga kirish tartibida muhim o‘zgarishlar joriy etiladi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilish jarayoni yangilanadi va yagona tartib asosida amalga oshiriladi. Eng asosiy o‘zgarishlardan biri shuki, suhbat bosqichida beriladigan savollar va topshiriqlar davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida kamida bir oy oldin e’lon qilinishi shart bo‘ladi. Belgilangan muddatdan oldin e’lon qilinmagan savollarni nomzodlarga berish qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, ayrim lavozimlar bo‘yicha ish stajiga qo‘yiladigan talablar sezilarli darajada yumshatiladi. Ba’zi lavozimlar uchun esa ish staji talabi umuman bekor qilinadi yoki minimal darajaga tushiriladi.
Bundan tashqari, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblar ro‘yxati shakllantiriladi. Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlangan yoshlarning kasbiy ko‘nikmalarini baholash uchun milliy sertifikatlash tizimi joriy etiladi.
Yangi tartiblar davlat xizmatiga kirish jarayonini yanada ochiq, shaffof va adolatli qilishga hamda yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.