Endi “dekret” puli miqdorini onlayn bilib olish mumkin

Endi “dekret” puli miqdorini onlayn bilib olish mumkin

Yagona portalda “dekret” puli miqdorini onlayn tekshirish imkoniyati yaratildi.

Endilikda fuqarolar homiladorlik va tug‘ish nafaqasi (“dekret” puli) miqdori hamda to‘lov holatini onlayn tarzda tekshirishlari mumkin. Bu imkoniyat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali taqdim etildi.
Yangi xizmat Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan. Undan foydalanish uchun portalga kirib, “Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha davlat ijtimoiy sug‘urtasi nafaqasi ma’lumotlari” xizmatini tanlash kerak.
Mazkur xizmat orqali:
  • homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdori,
  • ish staji to‘g‘ri hisoblangan yoki yo‘qligi,
  • fuqaroga qancha mablag‘ tayinlangani,
  • to‘lov amalga oshirilganligi
haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish mumkin. Bunda ma’lumotlar avtomatik shakllantiriladi va qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmaydi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi proaktiv tartibda tayinlana boshlagan. Ijtimoiy sug‘urta tizimi doirasida to‘lovlar minimal sug‘urta staji hamda sug‘urta badallari asosida belgilanadi.
Shuningdek, 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, 2030-yildan esa ishsizlik nafaqasini ham avtomatik tarzda tayinlash rejalashtirilgan.
Endi “dekret” puli miqdorini onlayn bilib olish mumkin | 12news