Endi kimga kafil ekaningizni onlayn tekshirishingiz mumkin

Buni “KATM” mobil ilovasi orqali bajarish mumkin.
“KATM” mobil ilovasiga O‘zbekiston fuqarolari uchun ikkita yangi muhim xizmat qo‘shildi. Ular orqali foydalanuvchilar kafillik va kredit bilan bog‘liq ma’lumotlarni onlayn tekshirishi mumkin.
Yangi xizmatlardan biri — “Ishonchli kafil”. Ushbu xizmat orqali foydalanuvchi kafil bo‘lishidan oldin qarz oluvchi shaxsning kredit tarixi haqidagi ma’lumotlarni tekshirishi mumkin. Bu esa kafillarga qarz oluvchining qanchalik mas’uliyatli ekanini oldindan baholash imkonini beradi. Xizmat narxi 8 240 so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, “Kimga kafillman” xizmati ham joriy etildi. Ushbu xizmat orqali foydalanuvchi hozirda qaysi shaxslarga kafil bo‘lib turganini ko‘rishi mumkin. Xizmatdan foydalanish narxi 2 060 so‘m.
Bundan tashqari, “Muddati o‘tgan to‘lovlar” xizmati orqali asosiy qarzdorlik bo‘yicha 90 kundan ortiq kechiktirilgan to‘lovlar haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin. Ushbu xizmat narxi 4 120 so‘m etib belgilangan.
Kredit tarixini qanday tekshirish, shuningdek “Kreditga taqiq” va Freeze xizmati haqida batafsil ma’lumotlarni kanal orqali o‘qish mumkin.