Enterprise Uzbekistan markazi uchun 2100‑yilgacha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi

Prezident tashabbusi bilan Enterprise Uzbekistan brendi ostida tashkil etiladigan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi uchun 2100‑yilgacha amal qiladigan maxsus huquqiy rejim joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 25 mart kuni o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.
Yangi rejim doirasida tartibga solish “qumdoni” printsipi asosida innovatsion yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valyutada to‘lash va xalqaro mehnat standartlarini tatbiq etish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar yordamida qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Markazda intellektual mulkni himoya qilish, startaplar, investitsiyalar hamda eksport uchun qulay iqlim shakllantiriladi, bojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar joriy etiladi. Sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya, tadqiqot‑ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startap ekotizimi va ma’lumotlar markazlari markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘ladi.
Taqdimotda 2030‑yilgacha markaz faoliyati orqali 1 000 ga yaqin kompaniyani jalb etish, 300 000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish hamda 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga erishish maqsadi belgilangan. Shuningdek, bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu loyihaga qiziqish bildirgani qayd etildi.
2025‑yilning noyabrida Prezident tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra, Enterprise Uzbekistan markazi ishtirokchilari quyidagi yo‘nalishlar bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ladi:
- Dasturiy ta’minot ishlab chiqish;
- Raqamli texnologiyalar bo‘yicha konsalting va autstaffing xizmatlari;
- Masofaviy xizmatlar, shu jumladan biznes‑autsorsing (BPO);
- Video o‘yinlar (GameDev) va o‘yinga oid kontent yaratish;
- Grafik, video va audio kontent ishlab chiqish hamda tahrirlash;
- Sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va rivojlantirish;
- Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, bulutli tizimlar;
- Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim.