Forbes reytingi: dunyoning eng boy odamlari e’lon qilindi

Forbes reytingi: dunyoning eng boy odamlari e’lon qilindi

Tarixda ilk bor 20 nafar milliarderning boyligi $100 mlrddan ortiq — ya’ni 12 xonali darajaga yetdi.

Forbes jurnali milliarderlarning 40-yillik global reytingini e’lon qildi. Bu yilgi ro‘yxatga 3428 nafar milliarder kiritildi — bu o‘tgan yilgi rekorddan qariyb 400 nafarga ko‘p bo‘lib, 1987-yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Hisobotga ko‘ra, dunyoning eng boy insonlarining umumiy boyligi $20,1 trillionga yetdi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda bu ko‘rsatkich $16,1 trillion edi.
Shuningdek, tarixda ilk bor 20 nafar milliarderning boyligi $100 mlrddan ortiq — ya’ni 12 xonali darajaga yetdi.
Reytingda ketma-ket ikkinchi yil dunyoning eng boy odami sifatida Ilon Mask qayd etildi.
Tesla va SpaceX asoschisi hamda X ijtimoiy tarmog‘i egasining boyligi $839 mlrdga baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, fevral oyi boshida SpaceX kompaniyasining xAI startapi bilan birlashuvi ortidan Mask boyligi $800 mlrddan oshgan ilk inson bo‘ldi.
Reytingning keyingi o‘rinlari quyidagicha:
  • 2-o‘rin — Google hammuassisi Larri Peyj: $257 mlrd
  • 3-o‘rin — Google asoschilaridan biri Sergey Brin: $237 mlrd
  • 4-o‘rin — Amazon asoschisi Jeff Bezos: $224 mlrd
  • 5-o‘rin — Meta egasi Mark Sukerberg: $222 mlrd
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi reyting milliarderlar soni va ularning umumiy boyligi bo‘yicha tarixiy rekordlarni qayd etdi.
Forbes reytingi: dunyoning eng boy odamlari e’lon qilindi | 12news