Fuqarolarga uy-joy sotib olish bo‘yicha 22 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qaytarildi

2025-yilda Raqobat qo‘mitasi uy-joy xaridorlaridan 1 700 dan ortiq murojaatni ko‘rib chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaatlarning asosiy qismini – 42,9 foizini uylarning ta’mir sifati bilan bog‘liq muammolar, 40,8 foizini kommunikatsiya tarmoqlari bilan bog‘liq masalalar, 16,3 foizini esa uylarni o‘z vaqtida topshirilmasligi tashkil etdi.
Qo‘mita tomonidan murojaatlarning 76 foizi ijobiy hal qilindi va natijada iste’molchilarga jami 22,1 mlrd so‘m qaytarildi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi quruvchilar va xaridorlar o‘rtasidagi shartnomalarni ham o‘rganib chiqdi. 130 ta tekshirilgan shartnomada ko‘plab hujjatlarda obyektni topshirish muddati, kechikkanlik uchun penya, qayta hisoblash mexanizmlari, kvartiradan foydalanish kafolati va nizolarni hal qilish tartibi aniq ko‘rsatilmaganligi aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, uy-joy sotib olish bo‘yicha shartnomalarni bekor qilish jarayonida ko‘pincha faqat quruvchi manfaatlari hisobga olingan. Xaridorlar pulni qaytarish muddatlari 30–180 kundan 24–36 oygacha uzaytirilgan hollari qayd etilgan. Ko‘p shartnomalar “agent” yoki “tijorat vakili” orqali tuzilgan bo‘lib, quruvchining imzosiz rasmiylashtirilgan, bu esa yuridik javobgarlik masalalarida muammolarni keltirib chiqargan.
Bundan tashqari, qo‘mita 120 ta turar joy majmuasining reklamasini tekshirib, ruxsatsiz yoki maxsus reyestrga kiritilmagan obyektlarni aniqladi. Reklama beruvchi kompaniyalar jarimaga tortildi va OAV hamda reklama agentliklariga ruxsatsiz qurilish obyektlarini reklama qilishga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha ogohlantirish berildi.
Raqobat qo‘mitasi o‘zbekistonliklarni uy-joy sotib olishda shartnomalarni diqqat bilan o‘rganishga va reklamadagi ma’lumotlarni Shaffof qurilish tizimi kabi rasmiy manbalar orqali tekshirishga chaqirdi.