Germaniyaning KfW banki O‘zbekistonga 26,5 mln yevro ajratadi

Loyiha 2031 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, 10 yillik imtiyozli davr va yillik 2 foizlik stavkani nazarda tutadi.
O‘zbekiston Germaniyaning Taraqqiyot banki (KfW)dan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun 26,5 million yevro miqdorida kredit va grant mablag‘larini oladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining qarorida ma’lum qilindi.
Moliyaviy yordam mikro, kichik va o‘rta biznes subyektlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. Ajratilayotgan mablag‘larning 23,5 million yevrosi kredit mablag‘lari bo‘lsa, qolgan 3 million yevro dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha maslahat xizmatlari uchun grant shaklida taqdim etiladi.
Kredit liniyasi har biri 11,75 million yevrodan iborat ikki transhga bo‘lingan. Moliyalashtirish shartlariga ko‘ra, 10 yillik imtiyozli davr belgilanadi va yillik foiz stavkasi 2 foizni tashkil etadi. Loyiha 2031 yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha bo‘yicha mas’ul ijrochi organ etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi belgilangan.
Yangi moliyaviy yordam paketini ajratish to‘g‘risidagi kelishuv 2025 yil aprel oyida imzolangan. Avvalgi ikki bosqich doirasida KfW banki mamlakat xususiy sektorini rivojlantirish uchun jami 26,8 million yevro ajratgan edi.
Yangiliklarni baham ko'ring
Sizga yoqadi


