Global Startup Awards’da 7 nafar O‘zbekiston vakili global bosqichga yo‘l oldi

Global Startup Awards (GSA) xalqaro tanlovi doirasida O‘zbekiston vakillari bir qator nufuzli nominatsiyalar bo‘yicha ishtirok etmoqda.
GSA dunyodagi eng yirik startap ekotizim platformalaridan biri bo‘lib, innovatsion tadbirkorlar va tez rivojlanayotgan startaplarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan. So‘nggi 12 yil davomida loyiha 19 ta mintaqa va 154 ta mamlakatni qamrab olgan. Shu davr ichida 160 mingdan ortiq ariza topshirilgan va 822 mingdan ziyod ovoz berilgan. Platforma doirasida umumiy qiymati 64 milliard dollardan oshadigan 16 ta unicorn kompaniya yetishib chiqqan.
Joriy yilgi tanlovda O‘zbekiston vakillari ham turli yo‘nalishlarda nomzod sifatida qatnashmoqda. Jumladan, HyperApp asoschisi Akmaljon Musayev hamda UzEduAI loyihasi asoschisi Azizjon Rahimov “Yilning eng yaxshi asoschisi” nominatsiyasida da’vogarlik qilmoqda. Shuningdek, Raximaxon Nugmanova Peritech loyihasi bilan “Yil ekotizim qahramoni” nominatsiyasiga kiritilgan.
Bundan tashqari, HyperApp “Yil startapi”, Catextra “Yil yashil texnologiyalar startapi” uchun kurash olib bormoqda. “UzVC” milliy venchur fondi “Yilning eng yaxshi investori”, MoliyAI esa “Yil fintex startapi” nominatsiyasida ishtirok etmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik startaplar va asoschilarning bunday xalqaro tanlovlarda ishtiroki nafaqat alohida loyihalar, balki butun mamlakat startap ekotizimining rivojlanishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda HyperApp startapi va uning asoschisi Akmaljon Musayev Global Startup Awards’da Markaziy Osiyo bo‘yicha “Yil startapi” va “Yil asoschisi” nominatsiyalarida g‘olib bo‘lgan edi. Tanlov tarixida ilk bor bir jamoa ushbu ikki sovrinni bir vaqtning o‘zida qo‘lga kiritgan.
Joriy yilda esa o‘zbekistonlik nomzodlar global bosqichda ishtirok etib, jahon miqyosidagi sovrinlar uchun kurashmoqda. Mutasaddilar va tashkilotchilar barcha fuqarolarni xalqaro platforma orqali ovoz berib, O‘zbekiston vakillarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.