Haydovchilarning dam olish rejimini buzganlik uchun qancha jarima belgilandi?

O‘zbekistonda xalqaro va shaharlararo avtomobil tashuvlarida haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini buzganlik uchun jarima joriy etildi.
Endilikda bunday qoidabuzarlik uchun BHMning 7 baravari — 2 mln 884 ming so‘m miqdorida jarima solinadi.
Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjatga ko‘ra, kodeks 113−1-modda bilan to‘ldirildi.
Jarima miqdori qancha?
Yangi tartibga muvofiq, xalqaro va shaharlararo tashuvlarni amalga oshirishda haydovchilarning belgilangan ish va dam olish rejimini buzganligi aniqlansa, BHMning 7 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Amaldagi BHMdan kelib chiqib, bu 2 mln 884 ming so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qoida va talablarni buzgan mansabdor shaxslar hamda xizmatchilar uchun BHMning 10 baravari — 4 mln 120 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Nazorat qanday amalga oshiriladi?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shaharlararo va xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarda taxograf (nazorat qurilmasi) o‘rnatilgan. Ushbu qurilma haydovchining ish vaqti, dam olish vaqti, tezlik hamda bosib o‘tilgan masofani qayd etadi.
Avval qurilmani o‘chirib transport vositasini boshqarish uchun javobgarlik mavjud edi. Biroq taxograf ma’lumotlariga asosan haydovchining mehnat va dam olish rejimiga rioya qilmagani uchun alohida javobgarlik belgilanmagandi.
Endilikda aynan ushbu ma’lumotlar asosida javobgarlik qo‘llanadi.
Haydovchining ish vaqti 9 soatdan ortiq bo‘lgan yoki yo‘nalish masofasi 400 kilometr va undan ortiq bo‘lgan tashuvlarda mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
Qonun qachondan kuchga kiradi?
Mazkur qonun 2026-yil 10-maydan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Senat 2025-yil 4-sentabr kuni transport sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan ushbu qonunni ma’qullagan edi.