Ilon Mask boyligi ilk bor $800 mlrddan oshdi

Tesla va SpaceX kompaniyalari asoschisi Ilon Mask tarixda birinchi bo‘lib $800 mlrdlik boylikka ega bo‘lgan shaxsga aylandi. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.
4-fevral kuni soat 12:40 holatiga ko‘ra, Maskning boyligi $852,5 mlrdga baholangan. So‘nggi keskin o‘sish SpaceX kompaniyasi bilan sun’iy intellekt yo‘nalishidagi xAI startapi birlashuvi fonida kuzatildi.
Milliarderlar reytingida ikkinchi o‘rinni katta farq bilan Google hammuassisi Larri Peyj egallab turibdi — uning boyligi $277,9 mlrdga teng. Kuchli uchlikni yana bir Google hammuassisi Sergey Brin $256,3 mlrd bilan yakunlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Maskning boyligi 22-dekabr kuni ilk bor $700 mlrddan, 16-dekabrda esa $600 mlrddan oshgan. Oktabr oyida u tarixda birinchi bo‘lib $500 mlrdlik marrani ham zabt etgan edi.
Avvalroq, 2021-yil noyabrida Maskning boyligi $300 mlrdga, 2024-yil dekabrida $400 mlrdga yetgan. Bu ko‘rsatkichlarga ilgari faqat Oracle asoschisi Larri Ellison erisha olgan.
Forbes prognozlariga ko‘ra, Ilon Mask 2033-yil mart oyiga borib dunyodagi ilk trillionerga aylanishi mumkin. Bunga Tesla rahbariyati tomonidan keyingi 10 yil ichida muayyan maqsadlar bajarilishi sharti bilan va’da qilingan yangi aksiyalar paketi sabab bo‘lishi kutilmoqda.