Ilon Mask va Jeff Bezos O‘zbekistonga taklif qilinadi

“Uzbekkosmos” ularni 2028-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Xalqaro Astronavtika Kongressiga taklif qilmoqchi.
O‘zbekistonga Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask, shuningdek Amazon asoschisi hamda Blue Origin egasi Jeff Bezostaklif qilinadi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“Uzbekkosmos”) direktor o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
2028-yilda Samarqand shahrida Xalqaro Astronavtika Kongressi (IAC) o‘tkazilishi rejalashtirilgan. “Uzbekkosmos” rahbari o‘rinbosari buni tarixiy yutuq deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro Astronavtika Federatsiyasi O‘zbekistonni qisqa muddat ichida erishilgan natijalar, katta ambitsiyalar va kosmik hamjamiyatdagi ijobiy obro‘si tufayli tanlagan.
U kongressni o‘tkazish “katta chaqiriq” ekanini ta’kidladi, chunki tadbirga 10 mingdan ortiq ishtirokchi kelishi kutilmoqda. Kongressni muvaffaqiyatli tashkil etish uchun “Uzbekkosmos” keyingi ikki yil davomida xalqaro kosmik hamjamiyat bilan faol hamkorlik olib borishni rejalashtirmoqda.
Boshlovchi Ilon Mask Samarqanddagi kongressga keladimi, degan savoliga Muxiddin Ibragimov “harakat qilamiz” deb javob berdi.
“Federatsiya rahbari hazil tariqasida bir qiziq gap aytdi: kongressning o‘zi janob Maskning kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. Biz barchaga taklifnoma yuboramiz. Bu faqat janob Mask emas, janob Bezos va kosmonavtika sohasidagi boshqa yorqin shaxslarga ham taalluqli. Ularning barchasini taklif qilamiz”, — dedi “Uzbekkosmos” rahbari o‘rinbosari.
2025-yil oktabr oyida Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Astronavtika Kongressida minglab xalqaro ekspertlarning bir ovozdan qarori bilan 2028-yilgi kongress mezbonligi Samarqandga berildi.
“Uzbekkosmos” ma’lumotiga ko‘ra, Sidneyda o‘tkazilgan kongress Avstraliya iqtisodiyotiga qariyb 27 million dollar daromad keltirgan. Samarqanddagi kongress esa O‘zbekistonga 10 mingdan ortiq xalqaro mehmonlarni jalb qilishi va turizm, xizmat ko‘rsatish hamda tadbirkorlik sohalarida xalqaro ko‘rgazmalar orqali katta iqtisodiy samara berishi kutilmoqda.
Yaqinda Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqand kongressida AQSh, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgani ta’kidlandi.