IMEI kodlarini deklaratsiyaga kiritish tartibi o‘zgardi

2026-yil 10-apreldan boshlab O‘zbekistonda mobil qurilmalarni bojxona orqali olib kirishda IMEI kodlarini deklaratsiyaga kiritish bo‘yicha yangi tartib kuchga kirdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Yangi talablarga ko‘ra,bojxona yuk deklaratsiyasining 31-grafasida har bir mobil qurilma alohida tartib raqami bilan ko‘rsatiladi. Shuningdek, qurilmadagi SIM-slotlar soni va har bir slotga tegishli IMEI kodi alohida qayd etilishi shart.
Masalan, ikki SIM-kartali telefonda har bir slot uchun mos ravishda alohida IMEI raqami kiritiladi. Agar bir nechta qurilma olib kirilsa, ushbu tartib har bir qurilma uchun alohida qo‘llanadi.
Qo‘mita slot raqamlarini noto‘g‘ri ko‘rsatish, IMEI kodlarini takrorlash yoki qurilmalar tartib raqamlarini chalkashtirish xatolarga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bois, deklaratsiyani to‘ldirishda aniqlikka alohida e’tibor qaratish zarur.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, jismoniy shaxslar havo transporti orqali ikki dona mobil telefonni bojsiz olib kirishlari mumkin. Bunda ularning umumiy qiymati 2000 AQSh dollaridan oshmasligi kerak. Poyezd orqali ushbu limit 1000 dollarni, avtomobil orqali esa 300 dollarni tashkil etadi. Belgilangan me’yordan oshgan taqdirda, ortiqcha summaga 30 foiz miqdorida boj undiriladi.
Shuningdek, telefonlarni mamlakatga olib kirishda bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish majburiy hisoblanadi. Agar qurilma deklaratsiya qilinmasa, u UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi va undan foydalanish cheklanadi. Bunday holatda qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uning qiymatining 30 foizi miqdorida boj to‘lash talab etiladi.
Mutasaddilar fuqarolarga mobil qurilmalarni xarid qilishda ularning UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tganini oldindan tekshirishni tavsiya qilmoqda. Aks holda, ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar xaridor zimmasiga tushadi.
Bundan tashqari, mobil qurilmalarni olib kirayotgan shaxslar bojxona nazoratidan o‘tishda “qizil yo‘lak” orqali o‘tib, deklaratsiyani to‘ldirishlari lozim. Aks holda, keyinchalik qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolar yuzaga kelishi mumkin.