Instagram izohlarga tahrirlash funksiyasini qo‘shmoqda

Instagram postlar ostidagi izohlarni tahrirlash imkoniyatini joriy qilmoqda. Endi foydalanuvchilar yozgan izohlarini e’lon qilingandan keyin 15 daqiqa ichida o‘zgartira oladilar.
Meta kompaniyasi bu yangilikni X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘i orqali tasdiqladi.
9To5Mac nashriga ko‘ra, bu kichik bo‘lsa-da, uzoq kutilgan yangilik hisoblanadi. Endi foydalanuvchilar imlo xatolari yoki fikrni biroz yumshatish uchun izohni o‘chirib qayta yozishga majbur bo‘lmaydi.
TechCrunch ma’lumotiga ko‘ra, izohlar belgilangan vaqt ichida bir necha marta tahrirlanishi mumkin bo‘ladi. Tahrir qilingan izohda maxsus tahrirlash belgisi paydo bo‘ladi, biroq o‘zgarishlar tarixi ko‘rinmaydi.
Shuningdek, Instagram 2026-yil mart oyida Plus obunasini sinovdan o‘tkazishni boshlagani haqida ham xabar berilgan. Ushbu obuna orqali “Hikoyalar”ni yashirin ko‘rish, ularning ko‘rish statistikasini kuzatish va auditoriya ro‘yxatlarini kengaytirish kabi imkoniyatlar taqdim etilishi kutilmoqda.
Avvalroq esa Instagram 8-maydan boshlab shaxsiy xabarlar uchun to‘liq shifrlashni to‘xtatishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Meta vakillariga ko‘ra, bu funksiyadan juda kam foydalanuvchi foydalangan, va xavfsiz muloqot uchun WhatsApp tavsiya etiladi.