Janubiy Koreyada ishlash uchun o‘zbekistonlik elektriklar taklif etilmoqda

O‘zbekistonlik elektrik mutaxassislari uchun Janubiy Koreyada ishlash imkoniyati e’lon qilindi.
Migratsiya agentligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ish o‘rinlari Janubiy Koreya bo‘ylab taqdim etilib, nomzodlar bilan 3 yil muddatga mehnat shartnomasi tuziladi. Oylik ish haqi taxminan 1625 AQSh dollarini tashkil etadi. Shuningdek, qo‘shimcha ishlarga alohida haq to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Nomzodlarga bir qator talablar qo‘yilgan. Jumladan, ular 23 yoshdan 33 yoshgacha bo‘lgan, jismonan sog‘lom erkaklar bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, nomzodlar sudlanmagan va avval Janubiy Koreyadan deportatsiya qilinmagan bo‘lishi lozim.
Talablar orasida elektr texnikasi yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr diplomi hamda kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lish sharti ham bor.
Mazkur ish imkoniyatiga qiziqqan fuqarolar 77-444-00-17 yoki 95-312-00-17 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin.