JCh–2026: O‘zbekiston terma jamoasi mundial ishtiroki uchun qancha oladi?

FIFA 2026-yilgi Jahon chempionatida qatnashadigan milliy terma jamoalar uchun moliyaviy to‘lovlar miqdorini tasdiqladi.
AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak mundialning umumiy sovrin jamg‘armasi 727 mln dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilgi Qatar mundiali bilan solishtirganda qariyb 50 foizga ko‘p.
Xalqaro futbol federatsiyasi xabariga ko‘ra, qaror FIFA kengashining Dohada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilingan. Mablag‘lar turnirda ishtirok etadigan milliy futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida taqsimlanadi.
Umumiy jamg‘armadan 655 mln dollar sport natijalariga qarab mukofot puli sifatida ajratiladi. Mukofotlar quyidagicha taqsimlanadi:
Chempion — 50 mln dollar
Finalchi (2-o‘rin) — 33 mln dollar
3-o‘rin — 29 mln dollar
4-o‘rin — 27 mln dollar
5–8-o‘rinlar (chorak finalda mag‘lub bo‘lganlar) — 19 mln dollardan
9–16-o‘rinlar (1/8 finalda to‘xtaganlar) — 15 mln dollardan
17–32-o‘rinlar (1/16 finalda mag‘lub bo‘lganlar) — 11 mln dollardan
33–48-o‘rinlar (guruh bosqichidan chiqa olmaganlar) — 9 mln dollardan
Bundan tashqari, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan har bir terma jamoaga 1,5 mln dollar tayyorgarlik xarajatlari uchun ajratiladi. Shu tariqa, turnirda ishtirok etuvchi har bir jamoa uchun minimal kafolatlangan to‘lov 10,5 mln dollarni tashkil etadi.
FIFA prezidenti Janni Infantino 2026-yilgi Jahon chempionati “nafaqat sport, balki global futbol hamjamiyatiga moliyaviy hissa qo‘shish nuqtai nazaridan ham inqilobiy bo‘lishini” ta’kidladi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadigan Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadi. Jamoa “K” guruhidan joy olgan bo‘lib, guruh bosqichida Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalari, shuningdek, Yamayka — Yangi Kaledoniya — Kongo DR uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi mundial formatiga ko‘ra, 1/16 finalga har bir guruhdan eng yaxshi ikki jamoa bilan birga uchinchi o‘rinni egallagan sakkizta terma jamoa ham yo‘l oladi.
Sizga yoqadi


