KOICA O‘zbekistonda IT-ta’limni rivojlantirish uchun 14 mln dollar ajratadi

Loyiha doirasida startap-inkubatorlar ishga tushiriladi va mamlakat bo‘ylab yangi ixtisoslashgan markazlar quriladi.
Janubiy Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan amalga oshiriladigan ushbu loyiha raqamli ta’lim ekotizimini yaxshilash hamda yoshlar bandligini oshirishga qaratilgan. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dastur 2026–2032-yillarni qamrab oladi. Unga ko‘ra, yoshlar sun’iy intellekt, dasturlash, narsalar interneti (IoT), prompt-injiniyring va onlayn marketing yo‘nalishlarida to‘rt yillik tizimli ta’lim oladi.
Loyiha doirasida 500 nafar o‘qituvchi va soha mutaxassislarining malakasi oshiriladi. Janubiy koreyalik ekspertlar ishtirokida startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun inkubatsiya dasturlari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, infratuzilmani kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, Nukus va Qarshi shaharlarida ikkita zamonaviy texnologik xab ochiladi. Bundan tashqari, mamlakatning yetti hududida 14 ta yangi kompyuter markazi qurilib, to‘liq jihozlanadi.