“Ko’k somamni turmush o’rtog’im facebookka qo’ydi va birdan buyurtmalar boshlanib ketdi” – uyda 40 xil taom pishirib sotadigan yosh ayol hikoyasi

Nigora 40dan ortiq ovqatni uyida tayyorlab sotadi. U buning ortidan 4 milliongacha daromad topadi. Hatto 2 kishini ish bilan ta'minlashga ham ulgurdi. U buni qanday uddaladi?
Farzandli ayollarning hayoti ko‘pincha oila, bola va uy ishlari bilan cheklanib qolgandek ko‘rinadi. Ammo ayrimlar uchun bu davr aksincha — yangi eshiklar ochiladigan, o‘zini qaytadan kashf etadigan vaqt bo‘lishi mumkin.
Toshkentlik yosh ona — hozir uy sharoitida taomlar tayyorlab, o‘z mijozlariga xizmat ko‘rsatib kelayotgan qahramonimiz Nigoraning hikoyasi ham aynan shunday boshlangan.
“Uyda o‘tirar ekanman, ichimda yangi narsalarni sinab ko‘rish ishtiyoqi uyg‘ondi”
“Farzandli bo‘lganimdan keyin ko‘p vaqtimni uyda, bola bilan yolg‘iz o‘tkazardim. Bir tomondan zerikar, bir tomondan yangi sohalarga qiziqish uyg‘onardi. Ijtimoiy tarmoqlarda taom tayyorlaydigan sahifalarni kuzatib, o‘zim ham bir kun shunaqa ish qila olsam kerak deb o‘ylardim”, — deydi u.
Hammasi kichik bir xohish, voqea bilan boshlangan: bir kuni Nigoraning turmush turmush o‘rtog‘i ko‘k somsa yegisi keladi.
“Uni tayyorlab berdim. Turmush o’rtog’im rasmini Facebook’ga joylab qo‘ydi. Bir qarasam, odamlar juda qiziqish bildirgan. Shunda ‘nega boshlab ko‘rmayman?’ degan fikr tug‘ildi. Avvaliga ismaloqli taomlar bilan boshladim. Shu kun hammasiga tamal toshi bo‘ldi”.
Shu tariqa uy oshxonasida paydo bo‘lgan kichik g‘oya asta-sekin real ishdan biznesga aylana boshlagan.
Nigoraning hunari oilasidagilar uchun surpriz bo’ldi
Uning so‘zlariga ko‘ra, Nigoraning eng katta suyanchig’i oilasi bo‘lgan.
“Turmush o‘rtog‘im, oila a’zolarim hammasi quvongan. Onam, qaynonam, qarindoshlar ‘sen ovqat pishirolmasding-ku’, deb hayron bo‘lishdi. Rostini aytsam, qizlikda ham, kelinlikda ham ovqatni ko‘p pishirmaganman. Ammo shuni tushundimki, agar inson astoydil qiziqsa, hamma narsani o‘rganib oladi”.
Kunning ertalabki yugur-yuguri va oshxonadagi ishlar
Nigoraning kun tartibi: ertalab bolalarni bog‘chaga olib boradi, so‘ng soat 10:00 ga borib oshxonada ish boshlaydi.
“Asosan zakaz asosida ishlaymiz. Ba’zan kun bo‘yi band bo‘lamiz, ba’zan esa biroz bo‘shroq bo‘lamiz. Menyumizning asosiy qismini xamirli taomlar va polufabrikatlar tashkil qiladi”.
Qahramonimizning hikoyasida eng qiziq joylardan biri — u ba’zi taomlarni buyurtma bo‘lganda birinchi bor tayyorlagan bo’lgan.
“Masalan, g‘ilmindi. Umuman tayyorlab ko‘rmaganman. Zakaz keldi, YouTube’dan

retsept topdim va shundan o‘rganib qilishni boshladim. Hozir esa bemalol tayyorlayman. Bonka yopishdan tortib shirinliklargacha — turli sohalarda o‘zimni sinab ko‘rganman”.
“Oyiga 4 million so’m topaman”
Uning aytishicha, bu biznes hali katta daromadli emas.
“Faoliyatim ommalashmagan. Asosan zakazga qarab ishlaganim uchun daromadim har xil bo‘ladi. Eng kamida 4 million so‘m topaman. Men uchun hozir eng muhimi — sifat va vaqtni to‘g‘ri boshqarish”.
Ular 40ga yaqin turli xil ovqat va salatlarni tayyorlaydi. Taomlari asosan manti, chuchvara, somsa, g’ilmindi, quymoqlar, piroglar va sabzavotli, go’shtli salatlardan iborat. Shuningdek, yarimtayyor mahsulotlarni ham tayyorlab berishadi.

Yordamchilar paydo bo‘lgach, ish yanada yengillashdi
“Avvallari hammasini o‘zim qilishimga to‘g‘ri kelardi. Ba’zan zakaz ko‘payib ketardiyu ulgurmay qolardim. Hozir esa yordamchilar bor, hammasiga ulguramiz. Hatto ortiqcha yarimtayyor mahsulotlar ham bo‘ladi. Buyurtma ortib qolsa, uydagilar yeydi — chunki Toshkentda oila ham, qarindoshlar ham ko‘p”.

U qanchalik band bo‘lmasin, o‘qishni ham tashlamagan
Qahramonimiz nafaqat uy oshxonasi va zakazlar bilan band — u ayni paytda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida magistrant.
“Dekret paytida akademik ta’til olganim uchun o‘qish cho‘zildi. 2026-yil magistraturani tugataman. Keyin doktoranturaga topshirib ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqchiman”.

Oshpazlik borasidagi rejalari ham aniq — u yaqin kelajakda katering xizmatini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilib qo‘ygan.
“Fevralda ish boshlaganimizga uch yil bo‘ladi. Shunga qaramay, hali rejam ko‘p. Oshpazlikni ham, ilmiy faoliyatni ham yonma-yon davom ettirmoqchiman”.
Bir paytlar o‘zini “ovqat qilmaydigan qiz” deb atagan yosh ona bugun o‘z mijozlari bor, yordamchilari bor, rejalari bor biznes egasiga aylangan.
Uning hikoyasi shuni ko‘rsatadiki, ba’zan katta yo‘l bitta tasodifiy pishirilgan somsa bilan ham boshlanishi mumkin.
Nigoraning bir-biridan shirin taomlariga buyurtma bermoqchi bo’lsangiz, Telegramdagi “Ismaloqli taomlar” nomli guruhiga tashrif buyurishingiz mumkin @ismaloqli_taomlar.
Sizga yoqadi



