LEGO’dan sensatsion reklama: Ronaldu, Messi, Mbappe va Vinisius bir rolikda jam bo‘ldi

LEGO’dan sensatsion reklama: Ronaldu, Messi, Mbappe va Vinisius bir rolikda jam bo‘ldi

Dunyoning eng mashhur futbol yulduzlari — Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Kilian Mbappe va Vinisius Junior ilk bor LEGO reklama roligida birgalikda suratga tushdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ko‘pchilik tomonidan sun’iy intellekt mahsuli deb qabul qilingan bo‘lsa-da, futbolchilarning o‘zi uni rasmiy sahifalarida e’lon qilgani bu shubhalarga barham berdi.
Mazkur loyiha LEGO kompaniyasining 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati oldidan boshlagan yirik kampaniyasining bir qismi hisoblanadi. Unga ko‘ra, mashhur futbolchilarning milliy terma jamoa libosidagi maxsus konstruktor to‘plamlari ishlab chiqariladi.
Reklama roligida to‘rt nafar futbolchi bir stol atrofida LEGO’dan Jahon chempionati kubogini yig‘ishga kirishadi. Har biri kubok tepasiga o‘z haykalchasini qo‘yishga urinadi, bu esa ularning chempionlik ambitsiyasini ramziy ifodalaydi. Biroq ular bir-biriga xalaqit berib, yakunda kichik bola kelib neytral haykalchani o‘rnatadi.
"LEGO Editions" nomli yangi kolleksiya 1-maydan boshlab sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Qiziqarli jihati shundaki, Instagram’da ushbu loyiha doirasida Ronaldu, Mbappe, Vinisius va Jahon chempionati rasmiy sahifasi hamkorlikda post joylagan. Lionel Messi esa ushbu kollaboratsiyada qatnashmay, videoni o‘z sahifasida alohida e’lon qilgan. Shunga qaramay, aynan Messining posti hozircha eng ko‘p tomosha va layklar yig‘gan.
LEGO’dan sensatsion reklama: Ronaldu, Messi, Mbappe va Vinisius bir rolikda jam bo‘ldi | 12news