Mart oyida O‘zbekistonda elektromobillar savdosi sezilarli darajada oshdi

Mart oyida O‘zbekistonda elektromobillar savdosi sezilarli darajada oshdi

2026-yil mart oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda elektromobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tahlilida ma’lum qilindi.

Umuman olganda, mart oyida mamlakat bo‘yicha birlamchi va ikkilamchi bozorlarda 78 mingdan ortiq yengil avtomobil sotilgan. Bu fevral oyiga nisbatan 19 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 20,6 foizga ko‘pdir.
Hududlar kesimida avtomobil bozorida faollik aksariyat viloyatlarda oshgan. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo viloyatida qayd etilib, savdo hajmi 51,4 foizga ko‘paygan. Shuningdek, Toshkent viloyatida 46 foiz, Sirdaryo viloyatida 34,5 foiz va Navoiy viloyatida 27,5 foiz o‘sish kuzatilgan. Aksincha, Jizzax viloyati, Andijon viloyati hamda Samarqand viloyatida pasayish qayd etilgan.
Poytaxt Toshkentda esa avtomobil bozori ayniqsa faollashib, bir oy ichida savdo hajmi 60,5 foizga oshgan.
Birlamchi bozorda mart oyida qariyb 31 mingta yangi yengil avtomobil sotilib, oylik o‘sish 13 foizdan oshgan. Yillik o‘sish esa 37 foizni tashkil etgan. Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi 25 ming donaga yetib, bir oyda 3,8 foizga, yil davomida esa 26,5 foizga oshgan.
Xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar segmentida o‘sish yanada yuqori bo‘lib, mart oyida savdo hajmi deyarli ikki baravarga oshib, 5,7 ming donaga yaqinlashgan. Bu segmentda yillik o‘sish ham ikki baravardan ortiqni tashkil etgan.
Ikkilamchi bozorda esa 47,5 mingta avtomobil sotilib, o‘tgan oyga nisbatan 23 foizga, yillik hisobda esa 12 foizga o‘sish qayd etilgan.
Elektromobillar segmentida jami savdo hajmi 5,5 ming donaga yetgan. Hududlar kesimida 8 ta viloyatda o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, 4 ta hududda pasayish qayd etilgan. Eng yuqori o‘sish Xorazm viloyatida qayd etilib, savdo hajmi 5 baravarga oshgan. Shuningdek, Navoiy viloyatida 3,6 baravar, Jizzax viloyatida 2,9 baravar va Farg‘ona viloyatida 2,2 baravar o‘sish kuzatilgan.
Mart oyida O‘zbekistonda elektromobillar savdosi sezilarli darajada oshdi | 12news