Mart oyida O‘zbekistonda kredit stavkalari pasaydi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil mart oyida mamlakatda kredit stavkalari pasayishda davom etdi.
Milliy valyutadagi kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 0,9 foizga kamayib, 19,8%ni tashkil etdi. Uzoq muddatli kreditlar (1 yildan ortiq) 1,1 foizga arzonlab 19,4%ga tushdi, qisqa muddatli kreditlar esa 0,2 foizga kamayib, 21,4% bo‘ldi.
Jismoniy shaxslarga berilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 20,7%ni tashkil etib, oy davomida 0,2 foizga, yil hisobida esa 2,5 foizga kamaydi. Uzoq muddatli kreditlar 20,6% (-0,2%), qisqa muddatli kreditlar esa 26,0% (-1,2%) darajasida shakllandi.
Tadbirkorlik subyektlari uchun kredit stavkalari o‘rtacha 1,2 foizga pasayib, 19,3%ga tushdi. Uzoq muddatli kreditlar 18,3% (-1,7%), qisqa muddatli kreditlar esa 21,2% (-0,1%) bo‘ldi. Inflyatsiyani hisobga olgan real foiz stavkalari aholi uchun 8,8%, biznes uchun esa 7,8%ni tashkil etdi.
Bozor (tijorat) kreditlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 22,3%gacha tushdi (-0,2%). Aholi uchun bu ko‘rsatkich 21,9%, qisqa muddatli kreditlarda esa 27,8% (-0,7%)ni tashkil etdi. Biznes segmentida o‘rtacha stavka 22,6% (-0,4%) bo‘ldi: uzoq muddatli kreditlar 22,9%, qisqa muddatli kreditlar esa 22,2%.
Imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 10,5% (-0,6%)ni tashkil etdi. Tadbirkorlar uchun 10,3%, jismoniy shaxslar uchun esa 11,4% darajasida qayd etildi.
Xorijiy valyutadagi kreditlar ham arzonlashib, o‘rtacha 9,9% (-0,5%)ga tushdi. Qisqa muddatli kreditlar 9,0%, uzoq muddatli kreditlar esa 10,4%ni tashkil etdi.
Umuman, mart oyida kredit bozori bo‘yicha barcha asosiy yo‘nalishlarda foiz stavkalarining pasayishi kuzatildi.