Namanganda $150 mlnlik yirik turizm markazi: Arashan Resort qurilishi boshlandi

Namanganda $150 mlnlik yirik turizm markazi: Arashan Resort qurilishi boshlandi

Namangan viloyatining Pop tumanida yirik sayyohlik loyihalaridan biri — Arashan Resort dam olish maskani qurilishi rasman boshlandi. Loyihaning umumiy qiymati $150 mlnga baholanmoqda.

Majmuaga tamal toshi 21-mart — Navro‘z bayrami kuni qo‘yildi.Resort tuman markazidan qariyb 70 kilometr shimoli-g‘arbda, Arashan ko‘li bo‘yidagi tog‘li hududda barpo etiladi.
600 gektar maydonni egallaydigan majmua tarkibida 12 ta mehmonxona, 5 ta restoran, etno-park, reabilitatsiya markazi, sharq tabobati maskani, kottejlar va chaylalar qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, konsert zali, yozgi sahna, sport va o‘yin maydonchalari, skeyt park hamda savdo shoxobchalari ham bo‘ladi.
Loyiha doirasida chang‘i yo‘laklari, ziplayn va boshqa ekstremal turizm infratuzilmalari ham barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Arashan Resort ekologik, sog‘lomlashtirish va madaniy hordiq chiqarishga ixtisoslashgan maskan sifatida rivojlantiriladi.
Qurilish ishlarida Yaponiyaning Nippon Global Education and Assessment (NGEA) kompaniyasi hamkor sifatida ishtirok etmoqda. Majmua xalqaro standartlar asosida bunyod etilishi aytilmoqda.
To‘liq ishga tushgach, Arashan Resort kuniga 2,5 ming nafargacha, yiliga esa 900 mingdan ortiq sayyohni qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, bu yerda 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Arashan ko‘li atrofida yirik turizm markazini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Mazkur loyiha 2026-yil uchun ustuvor investitsion dasturlar qatoriga kiritilgan.
Namanganda $150 mlnlik yirik turizm markazi: Arashan Resort qurilishi boshlandi | 12news