NASA Oyning orqa tomonini aks ettirgan yangi suratni e’lon qildi

NASA Artemis II missiyasi astronavtlari tomonidan olingan Oyning noyob tasvirini taqdim etdi. Surat Yer tabiiy yo‘ldoshining ham bizga ko‘rinadigan, ham ko‘rinmaydigan qismlarini bir kadrda aks ettirgani bilan ahamiyatli.
Tasvirning o‘ng tomonida Oyning Yerdan kuzatiladigan qismi joylashgan. Bu hudud yuzasidagi qoramtir dog‘lar bilan ajralib turadi — ular qadimiy vulqon faolligi natijasida hosil bo‘lgan lava oqimlari izlaridir. Chap tomonda esa Oyning Yerga ko‘rinmaydigan orqa tomoni tasvirlangan.
NASA ma’lumotiga ko‘ra, suratda yirik geologik obyekt — Orientale Basin ham aniq ko‘rinadi. Taxminan 965 kilometr kenglikka ega ushbu ulkan krater Oyning ham ko‘rinadigan, ham orqa tomonini qamrab oladi. “Artemis II” ekipaji ushbu havzani to‘liq ko‘rgan ilk insonlar bo‘ldi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, Oyning orqa tomoni Yerdan ko‘rinmaydi. Bunga sabab — Oy o‘z o‘qi atrofida aynan Yer atrofida aylanish tezligi bilan teng tezlikda aylanadi. Shu bois sayyoramizdan doimo uning faqat bitta tomoni ko‘rinadi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyining boshida insoniyat 54 yil ichida ilk bor Yer orbitasidan tashqariga boshqariladigan parvozni amalga oshirdi. Artemis II missiyasi doirasida astronavtlar Oy atrofini aylanib chiqib, keyin Yerga qaytishi rejalashtirilgan.