Niderlandiya kompaniyasi 6 ming o‘zbekistonlik ishchini yollamoqchi

Niderlandiya kompaniyasi 6 ming o‘zbekistonlik ishchini yollamoqchi

Hozirda 40 nafar o‘zbekistonlik qurilish mutaxassisi Niderlandiyada o‘rtacha 2500 yevro maosh bilan ishlamoqda

Urganch shahrida qurilish sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan O‘zbekiston–Niderlandiya qo‘shma o‘quv markazi ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Niderlandiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov Niderlandiyaning MMBS Groep kompaniyasi rahbari hamda Bouwmensen Amsterdam ta’lim markazi menejeri bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va qo‘shma dasturlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Niderlandiya tomoni O‘zbekistonni malakali mutaxassislar yetkazib berishda ishonchli hamkor sifatida baholagan.
Kompaniya vakiliga ko‘ra, hozirda 40 nafar o‘zbekistonlik qurilish mutaxassisi Niderlandiyada o‘rtacha 2500 yevro maosh bilan ishlamoqda. Kelgusida esa kompaniya yana taxminan 6 ming nafar o‘zbekistonlik ishchini ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Tomonlar muzokaralar yakunida Urganchda qurilish sohasi bo‘yicha birinchi qo‘shma o‘quv markazini tashkil etishga kelishib oldi. Ushbu markazda Niderlandiyada ishlash uchun zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Keyinchalik loyiha doirasida santexnika, elektrika va boshqa texnik yo‘nalishlar bo‘yicha ham mutaxassislar tayyorlaydigan qo‘shimcha markazlar ochilishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq joriy yilda 3 ming nafar qashqadaryolik yoshni Germaniyaga ishga yuborish rejalashtirilayotgani haqida ham xabar berilgandi.
Niderlandiya kompaniyasi 6 ming o‘zbekistonlik ishchini yollamoqchi | 12news