Olis hududlardagi o‘quv markazlari uchun soliq imtiyozlari joriy etiladi

Bunday markazlar 1% miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi, o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i esa 7,5% etib belgilanadi (amaldagi 12%).
Prezident yoshlar bilan uchrashuvda olis va chekka hududlarda faoliyat yuritayotgan xususiy o‘quv markazlari uchun yangi soliq yengilliklari e’lon qildi.
Endilikda bunday markazlar 1% miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi, o‘qituvchilar uchun daromad solig‘i esa 7,5% etib belgilanadi (amaldagi 12% o‘rniga).
Shuningdek, ehtiyojmand oilalar farzandlarini bepul o‘qitayotgan o‘quv markazlari yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Ularning kommunal xarajatlarining 50 foizi budjetdan qoplab beriladi. O‘qituvchilar uchun to‘langan daromad va ijtimoiy soliqlar esa “keshbek” tarzida qaytariladi.
Yoshlar ishlari agentligiga xususiy markazlar bilan hamkorlikda har yili 20 ming nafar yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitish dasturini yo‘lga qo‘yish topshirildi. Shuningdek, har bir tumanda kasb-hunar laboratoriyalarini tashkil etish uchun 500 mln so‘mgacha ssuda ajratiladi.
Ko‘mak dasturi doirasida o‘z faoliyatini kengaytirayotgan yosh tadbirkorlarga 300 mln so‘mgacha foizsiz ssuda berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yiladi.